AsosiyJamiyat

Qo`riqxonalar, milliy bog`lar va o`rmon xo`jaliklarida ekoturizm xizmatlari yo`lga qo`yiladi

'Qo`riqxonalar, milliy bog`lar va o`rmon xo`jaliklarida ekoturizm xizmatlari yo`lga qo`yiladi'ning rasmi

Yurtimizning mavjud resurslaridan oqilona foydalangan holda ekologik turizmni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratiladi. Bu haqda Davlatimiz rahbarining “O`zbekiston Respublikasida ekologik turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida alohida belgilab qo`yilgan.

Joriy yilning 12-yanvar kuni qabul qilingan qarorda turizm xizmatlarini diversifikasiya qilish va investisiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, tadbirkorlarga qo`shimcha imkoniyatlar yaratish orqali tog`li va chekka hududlar hamda cho`l mintalaridagi aholini ish bilan ta`minlash, ularning daromad manbaini kengaytirish maqsad qilingan.

Qarorga ko`ra, Ekologiya vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat qo`riqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bog`lari, pitomniklar (qo`riqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), o`rmon va o`rmon-ov xo`jaliklari, tog`li va cho`l hududlari hamda suv obektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida (ekohududlar) joylashgan er uchastkalari kompleks turizm xizmatlarini yo`lga qo`ygan holda turistik klasterlar tashkil etish uchun tadbirkorlik subektlariga ajratiladi. Bunda er uchastkalari “E-ausion” elektron savdo platformasi orqali faoliyat ko`rsatish muddatini keyinchalik o`zgartirish imkoniyati bilan 10 yil muddatga ijaraga beriladi.

Shuningdek, turistik klasterlar hududidagi turistik obektlar engil va tez quriladigan konstruksiya hamda ekologik toza qurilish materiallaridan barpo etiladi.

Qolaversa, Ekologiya vazirligi tomonidan ekohududlarni rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Dasturlar klasterlarda turizm xizmatlarini ko`rsatishda atrof-muhitga salbiy ta`sir ko`rsatmaslik masalasiga qaratiladi.

Qarorga ko`ra, quyidagilar ham amalga oshiriladi:

— ekohududlarning mavjud tabiiy resurslaridan kelib chiqqan holda turistik so`qmoqlar, selfi zona va piknik zonalar, manzalari tomosha maydonchalari va hayvonlarni masofadan kuzatish imkonini beruvchi fototurlar tashkil qilish;

— chiqindilarni tashlash va ekohududda o`rnatiladigan yo`l ko`rsatkichlari nuqtalarini belgilash hamda ekologik talablarga javob beradigan sanitariya-gigiena shoxobchalarini joylashtirish;

— kemping, glemping, o`tov, ekouylar va boshqa turdagi joylashtirish vositalarini o`rnatish;

— ekohududlarga kirish qismida elektromobillar uchun quvvatlantirish stansiyalari, ko`chma restoranlari bo`lgan avtoturargohlar qurish;

— ekohududlarda turistlar o`zlari kerakli ma`lumotlarni olishlari uchun tashrif markazlari faoliyatini yo`lga qo`yish.

Turistik klasterlarda faoliyat ko`rsatuvchi tadbirkorlik subektlariga er uchastkasini ijaraga berishda quyidagi talablar qo`yiladi:

— ekohududning ekologik holati va turizmni rivojlantirishning barqarorligini ta`minlash;

— ekohududda noyob tabiiy obektlar va majmualarni, o`simliklar va hayvonlarning genetik fondini saqlash bo`yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

— ekologik talablar asosida turizm xizmatlarini diversifikasiya qilish va xizmatlar sifatini jahon standartlari darajasiga etkazish;

— energiyaning muqobil va qayta tiklanuvchi manbalaridan foydalangan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni joriy qilish asosida o`ziga xos ekologik tizim yaratish;

— yangi ish o`rinlarini yaratish orqali aholi daromadlarini oshirish;

— ekohududga mahalliy va xorijiy investisiyalarni jalb qilish;

— innovasion va zamonaviy turizm infratuzilmasini yaratish;

— avtomatlashtirilgan maxsus elektron dastur yordamida axborot almashinuvini yo`lga qo`yish orqali tashrif buyuruvchilar oqimini ko`paytirish;

— ekohududdagi turistik so`qmoqlar va yo`l ko`rsatkichlarining belgilangan talablarga muvofiqligini ta`minlash;

— yangi turizm xizmatlari (shu jumladan, Planting Tour, Plogging Tour va boshqalar) va ekoaksiyalarni tashkil qilish;

— ekohududning ishlab chiqilgan brendi asosida targ`ibot dasturlarini amalga oshirish;

— ekohududning rekreasion salohiyatini oshirish.

Qarorga ko`ra, Surxon, Hisor, Nurota, Zomin davlat qo`riqxonalari, “Sudoche-Akpekti”, “Barsakelmes” davlat buyurtma qo`riqxonalari, “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo`riqxonasi, Markaziy Qizilqum, Janubiy Ustyurt, Zarafshon, Xorazm, Zomin, Yuqori To`palang, Bobotog` milliy tabiat bog`lari, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati, Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi, shuningdek, Burchmulla, Qiziriq, Boysun, Bobotog`, Hisor, Uzun, Surxondaryo, Dehqonobod, Ohangaron davlat o`rmon xo`jaliklari va Darg`om davlat o`rmon ishlab chiqarish korxonasida ekoturizm xizmatlari yo`lga qo`yilishi ko`zda tutilgan.

Bundan tashqari, 2024 yil 1 sentyabrga qadar “Tabiatga sayohat” elektron platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi. Ular turistik klasterlarning elektron xaritasi, turistik klasterlarning tashrif markazlarida ko`rsatiladigan xizmatlar, sayohatni rejalashtirish va joylashtirish vositalarini oldindan band qilish imkoniyati, mavjud tog` va g`orlar, turistik so`qmoqlar va ularning imkoniyatlari haqidagi ma`lumotlarni o`z ichiga oladi.

Shu bilan birga, 2027 yil 1 yanvarga qadar cho`l hududlarida rekreasion turistik xizmatlar ko`rsatuvchi kurort zonalarini (toifali mehmonxonalar, SPA-mehmonxonalar, sanatoriy va pansionatlar) tashkil qilgan tadbirkorlik subektlari uch yil davomida foyda solig`ini va yuridik shaxslardan olinadigan er solig`ining 50 foizini to`laydi. Cho`l hududlarida tematik xiyobonlarni tashkil qilgan yuridik shaxslar ham xiyobonlar foydalanishga topshirilgan kundan e`tiboran uch yil davomida mol-mulk va er solig`ining 50 foizidan ozod qilinadi.

    Boshqa yangiliklar