AsosiyJamiyat

Qatarning yirik kompaniyasi O`zbekistondan malakali shifokor va hamshiralarni ishga qabul qiladi

'Qatarning yirik kompaniyasi O`zbekistondan malakali shifokor va hamshiralarni ishga qabul qiladi'ning rasmi

Qatarning tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan yirik kompaniyasi O`zbekistondan malakali shifokor va hamshiralarni ishga qabul qiladi, deya xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Onglayn-uchrashuv davomida "Elegancia Healthcare" kompaniyasining Qatarda faoliyat yuritayotgan shifoxonalarida ingliz tilida erkin so`zlasha oladigan o`zbekistonlik malakali shifokor va hamshiralarni ishga qabul qilish masalalari muhokama qilindi.

Xorij tomoniga O`zbekistonda tashqi mehnat migrasiyasi tizimini takomillashtirish, uning tashkiliy shakllarini kengaytirish, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet davlatlarga ketayotgan fuqarolarning mehnat va ijtimoiy huquqlari himoya qilinishini ta`minlash, xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarini tadbirkorlik va mehnat faoliyatiga jalb etish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar to`g`risida batafsil ma`lumot berildi..

Qatar tomoni birinchi bosqichda 50 nafar xodimni suhbat asosida ishga qabul qilishga, keyinchalik yana 20 kishini jalb qilishga tayyorligini ma`lum qildi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o`tganlar ish faoliyatini boshlashdan oldin Qatar shifoxonalarida tashkil etilgan qisqa muddatli o`quv-amaliy kurslarda malaka oshirishlari ta`kidlandi.

Bo`lib o`tgan muzokaralar yakunida O`zbekiston Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va "Elegancia Healthcare" kompaniyasi o`rtasida mazkur sohada o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish to`g`risida kelishuv imzolashga kelishib olindi.

"Elegancia Healthcare" Qatarning "Power International Holding" kompaniyasi tarkibiga kiradi. Tashkilot jami 840 ta o`rin, 250 ta yuqori malakali shifokor va 400 dan ortiq hamshiralarga ega 4 ta yirik ko`ptarmoqli shifoxonalarga egalik qiladi.

    Boshqa yangiliklar