Yangi yilni Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIOvaBSIATM) dolzarb masalalar va muammolarni muhokama qilishdan boshladi. Yaqinda bu erda Markazning viloyat filiallari rahbarlari va O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining mas`ul xodimlari ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi.
Majlisni ochiq deb e`lon qilar ekan, RIOvaBSIATM direktori Natalya Nadrxanova, bugun Markaz avvaldan faoliyat yurgizib kelayotgan uchta xizmat — akusherlik va ginekologiya, reproduktiv salomatlik, hamda ona va bola skriningi funksiyalarini birlashtirishini ta`kidlab o`tdi. Shunday qilib, ona va bola salomatligini muhofaza qilish tizimi shunday shakllantirilganki, bir muassasada ayol va yangi tug`ilgan chaqaloqqa barcha xizmatlar ko`rsatilish imkoni mavjud. Bunga o`smir-qizlarga yordam ko`rsatishdan boshlab, gravidar tayyorlashdan avvalgi va antenatal davolash, tug`ruq, tug`ruqdan keyingi parvarish, kontrasepsiya usulini tanlash va ginekologik kasalliklarni davolashgacha bo`lgan barcha xizmatlar kiradi.
Shunday ekan, joriy yildan boshlab, ushbu ishda mavjud bo`lgan muammolar va «tor joylar»ni aniqlash bo`yicha yig`ilishlar muntazam ravishda o`tkazib boriladi. Ular davomida yuzaga kelgan xulosa va takliflar tahlil va qaror qabul qilish uchun O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligiga taqdim etiladi.
Yig`ilish Sog`liqni saqlash vazirligi vakillarining so`zga chiqishi bilan boshlandi. Ular ko`rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning, tibbiyot muassasalari auditi sohasidagi zamonaviynormativ-huquqiy hujjatlarning, kadrlar tayyorlash darajasining, korrupsion holatlarga jiddiy e`tiborning, moliyaviy intizomlarga rioya etish va boshqalarning amaldagi standartlarga muvofiqligi masalasini ko`tardi.
Majlis davomida RIOvaBSIATMning 14 ta viloyat filiallari direktorlari o`zlarini o`ylantirayotgan savollarni bayon qildi. Bular, perinatal yordamni regionalizasiya bilan bog`liq muammolar, xususan, og`ir kechayotgan kasallik bilan kasallangan, muddatidan avval tug`ayotgan bemor ayollarni viloyat miqyosidagi muassasalarda yotqizib davolash kerak yoki aksincha, xavf alomatlari kuzatilmagan, belgilangan muddatda tug`ayotgan ayolni birlamchi bo`g`indagi tug`ruq kompleksiga yuborish kerak. Regionalizasiya prinsiplariga joylarda hamma vaqt ham rioya etilavermaydi. Bu esa aniq patologiya mavjud bo`lmagan bemorlarni uchinchi darajali tug`ruq komplekslariga — RIOvaBSIATMning filiallariga yotqizib davolashning o`zini oqlay olmasligiga olib keladi. Bu esa, o`z o`rnida perinatal markazlarning bemorlarga to`lib ketishiga, va bundan kelib chiqadiki, onalar va yangi tug`ilgan chaqaloqlarga ko`rsatiladigan tibbiy xizmat sifatining pasayib ketishiga olib keladi.
Bu borada filiallar direktorlari aholi va tug`ruqqacha bo`lgan vaqtda davolashga jalb etilgan tibbiyot xodimlari orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirishni taklif qildi. Xususan, ayolning homiladorlik vaqtining boshidanoq shifokorlar har bir homilador uchun xavfning paydo bo`lish ehtimolini baholashi kerak va u bilan birga avvaldan ma`lum tug`ruqqa yordam beruvchi muassasaga etkazish bo`yicha individual reja ishlab chiqish kerak. Har bir homilador ayol qaysi tug`ruq kompleksida tug`ishini bilishi kerak. Har bir aniq homilador ayolni qaysi tug`ruq kompleksiga etkazilishi homilador ayolni tug`ruqqacha bo`lgan vaqtda ro`yxatga qo`yish bosqichida barcha tug`ruq komplekslariga ma`lum bo`lishi kerak.
Ona va bola salomatligini muhofaza qilish xizmatini samarasini oshirishda amalga oshiriladigan muhim vazifalardan biri bu raqamlashtirishdir. Jumladan homiladorlarning yagona elektron bazasini yaratish ham. Bunda har bir homilador ayol to`g`risidagi ma`lumot ma`lumotlar bazasiga ayolning shifokorga dastlabki uchrashidayoq kiritiladi. Kiritilgan ma`lumotlar tug`ruq komplekslari, jumladan, RIOvaBSIATM va uning hududiy filiallari shifokorlariga ma`lum bo`lishi inobatga olinadi. Homilador ayollar haqidagi axborot ularni kelgusida birlamchi bo`g`indagi va stasionar shifokorlar tomonidan davolashlarini samarali muvofiqlashtirish, zarur mutaxassislar maslahatini rejalashtirish, davolash va tug`ruqni qabul qilib olish uchun profildagi stasionarga davolashga yotqizish imkonini beradi.
Shuningdek, alohida vaziyatlarda katta miqdorda kerak bo`lib qolishi mumkin bo`lgan qon preparatlari bilan ta`minlanish masalasi ham ko`tarildi. Tug`ruqqacha bo`lgan davrda davolashga yotqizilgan bosqichda qon ketish xavfi katta bo`lgan ayollar uchun qon preparatlari zaxirasini avvaldan ta`minlash tizimini ishlab chiqish zarur.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallari direktorlarini o`ylantirgan yana bir masala — bu polipragmaziya yoki bemorga katta miqdordagi dori vositalarini asossiz buyurish. Shunday holatlar mavjudki, Markazga kelganlarning holati ilgari klinik protokollar bo`yicha 1-3ta dori vositasi buyurish zarur bo`lganda, bir necha dori vositalarining buyurilishi natijasida yomonlashgan. Mutaxassislarning ta`kidlashicha, ko`pincha dorixonalar, firma blanklariga emas, balki shifokorning muhri bosilmagan oddiy qog`ozga asosan dori sotgan holatlari ko`p uchrayapti. Dori vositalarining ko`p va ortiqcha qabul qilinishi natijasida paydo bo`lgan kasalliklarni keyin davolashga to`g`ri kelyapti. Axir har qanday shifokor o`zining buyurtmasiga javob berishi kerakku. Demak, o`zining imzosi va muhri bilan tasdiqlanmagan davolash usulini belgilashga haqqi yo`q.
Majlis davomida ko`tarilgan shu va boshqa dolzarb masalalar va takliflar Sog`liqni saqlash vazirligiga taqdim etilgan yakuniy protokol asosidan o`rin oldi. Bu yo`nalishdagi ish davom ettiriladi.






