AsosiyJamiyat

O`zbekistonda uchuvchisiz uchadigan apparatlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik engillashtirilmoqda

'O`zbekistonda uchuvchisiz uchadigan apparatlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik engillashtirilmoqda'ning rasmi

Bugun, 19 yanvar kuni, Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to`qqizinchi    yalpi majlisi o`z ishini boshladi.

Unda Senat, hukumat  a`zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a`zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashmoqda.

Majlisida “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Muhokama qilingan Qonun bilan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o`tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish bilan bog`liq ma`muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.

Xususan, ma`muriy huquqbuzarlik natijasida aniqlangan uchuvchisiz uchadigan apparatlar davlat hisobiga musodara qilinishi, qonunga xilof ravishda harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o`z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinishi hamda ushbu toifadagi ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlar jinoyat ishlari bo`yicha sudlar tomonidan ko`rib chiqilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 2444-moddasida belgilangan sanksiyalarga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda, ya`ni shunday harakatlar uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa, jinoiy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning fikricha, Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida qonunga xilof ravishda ushbu qilmishni birinchi marotaba sodir etgan shaxslar uchun jinoiy javobgarlik emas, balki ma`muriy javobgarlik belgilanib, bu o`z navbatida, jamiyatimizda ushbu turdagi jinoyatlar ko`payishini oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar