Bugun O`zbekiston hududiga nam va nisbatan sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, respublika hududining katta qismida yog`ingarchilik kutilmaydi, faqat respublikaning sharqiy hududlarida ba`zi joylarda yog`ingarchilik (yomg`ir, qor) bo`ladi. Havo harorati kunduzi +5...+10 darajadan, shimolda -2...- 3 darajadan yuqori bo`lmaydi. Bu haqda "O`zgidromet" xabar berdi.
Ertaga faqat Farg`ona vodiysi viloyatlarida kechasi va ertalab yomg`ir va qor ko`rinishidagi yog`ingarchilik saqlanib turadi. O`zbekistonning qolgan hududlarida yog`ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Ko`pchilik hududlarda havo harorati kechasi -5....0 darajagacha pasayadi, kunduzi +3...+8 darajani, shimolda kechasi -13...- 8 darajani, kunduzi 0...+5 darajani tashkil etadi.
Yakshanba kuni mamlakat hududida ochiq va quyoshli ob-havo bo`lishi kutilmoqda. Harorat kechasi -5...0 daraja atrofida bo`lishi saqlanib turadi. Kunduzi +7...+10 darajagacha ko`tariladi. Respublika shimolida kechasi -10...-5 darajagacha, kunduzi +2...+7 darajagacha bo`ladi. 20-21 yanvarda shimolda va cho`l hududlarda ba`zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s.gacha kuchayishi mumkin.
Toshkent va Namangan viloyatlarining tog`li hududlarida ushbu kunlarda qor ko`chishi xavfi bor.
Poytaxtda bugun vaqti-vaqti bilan biroz yog`ingarchilik (yomg`ir, qor) bo`ladi. Shamol g`arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kunduzi +5...+7 darajadan yuqori bo`lmaydi. Dam olish kunlari yog`ingarchilik kutilmaydi, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Sharqiy yo`nalishdagi shamol tezligi 3-8 m/s atrofida bo`ladi. Kechasi havo harorati -3...-1 darajagacha pasayadi, kunduzi +4...+7 daraja atrofida bo`ladi.






