Shu bilan birga, qator qonunlar, Prezident farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari qabul qilinib, jamiyatimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta`minlash choralari ko`rilmoqda.
Konstitusiyamizda muhrlangan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish yuzasidan Oliy Majlis palatalari tomonidan o`z faoliyatlarini tartibga soluvchi O`zbekiston Respublikasi qonunlari yangi tahrirdagi Konstitusiyaga muvofiqlashtirilmoqda.
Xususan, parlament palatalarining faoliyatidagi parallellikni va bir-birini takrorlovchi vakolatlari aniqlashtirilmoqda, Senat a`zolari jami 100 nafardan 65 nafarga qisqartirilmoqda. Bunda, har bir ma`muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan senator saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikeri o`rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda. Bunda Spikerning o`rinbosarlari fraksiya a`zosi bo`lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo`lish davrida siyosiy partiyadagi a`zolikni to`xtatib turishi belgilanmoqda. Bundan tashqari Qonunchilik palatasi va Senatning o`zini o`zi tarqatib yuborish vakolati kiritilmoqda. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida o`tkazilishi, Senatning yangi tarkibi esa, 1 oy mobaynida shakllantirilishi nazarda tutilmoqda.
Yana bir muhim jihat, 100 ming nafardan kam bo`lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi mumkinligi hamda parlament tekshiruvini o`tkazish Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a`zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan o`tkazishi belgilanmoqda.
Qonunning yuqorida qayd etilgan Senat a`zolari soni va qo`mitalar nomlarini hamda Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosarlari soni va maqomini belgilovchi qoidalari 2024 yilda navbatdagi chaqiriqdagi Oliy Majlis palatalari ishi boshlanganidan amalga kiritilishi belgilanmoqda.
Senatorlar ta`kidlaganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitusiyaning normalarini amalga oshirishga, shuningdek, qonunlar qoidalarini Konstitusiyaga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.






