AsosiyJamiyat

O`zbekistonda ekotizimlarni saqlash borasida Xitoy tajribasi o`rganilmoqda

'O`zbekistonda ekotizimlarni saqlash borasida Xitoy tajribasi o`rganilmoqda'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi bilan barcha sohalarda bo`lgani kabi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi sohasida ham izchil va samarali hamkorlik yo`lga qo`yilgan.

Ma`lumot uchun, 2007 yil 3 noyabrda Xitoy Xalq Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish davlat boshqarmasi bilan o`zaro anglashuv memorandumi imzolangan. 2019 yilda esa Orol dengizi xalqaro innovasiya markazi (IIS) va Xitoy Fanlar akademiyasi (XIEG) qoshidagi Shinjon Ekologiya va geografiya instituti o`rtasida Orol dengizi mintaqasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga borasida kelishuvga erishilgan.

Xitoy Xalq Respublikasi qum bo`ronlari va cho`llarni nazorat qilish bo`yicha milliy kengashi raisi An Fendzining Samarqandda o`tkazilgan (SRIS-21) — BMTning cho`llanish to`g`risidagi konvensiyasi ijrosini ko`rib chiqish qo`mitasining 21-sessiyasida ishtirok etishi o`zaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi yana bir muhim qadamga aylandi.

Ta`kidlash joizki, An Fendzi va Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov o`rtasidagi uchrashuvda erlarning degradasiyasi va barqaror er boshqaruvi bo`yicha tadqiqotlar olib borish, jumladan, tajriba almashish va O`zbekistonning chang va qum bo`ronlari xavfi yuqori bo`lgan hududlarida qo`shma ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Yakunda cho`llanish va erlarning degradasiyasiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-amaliy hamkorlik to`g`risida Memorandum ishlab chiqish va imzolash orqali tez orada yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, 2023 yilda Ekologiya vazirligi xodimlari Xitoyda tajriba almashish bo`yicha o`quv dasturlarida ishtirok etishdi, bu esa xodimlarga o`z bilim va ko`nikmalarini kengaytirish imkonini berdi. Qolaversa, bugungi kunda Xitoy bilan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) hamda Qor qoploni va uning ekotizimini saqlash bo`yicha global dastur (GSLEP) kabi xalqaro platformalar doirasida hamkorlik qilinmoqda. Qolaversa, XXR bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to`g`risidagi Bitim loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Ma`lumot uchun, Xitoy unumdor tuproqlarni tabiatning salbiy ta`siridan himoya qilishga yordam beruvchi ekologik loyihalarni amalga oshirish bo`yicha etakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Cho`llanishga qarshi kurashish va ekotizimlarni tiklashda ham katta tajribaga ega. Xususan, so`nggi 10 yilda “Uch shimol” loyihasi doirasida o`rmonlar maydoni 33,3 million gektardan ortiqroqqa ko`paydi. Eslatib o`tamiz, avvalroq Xitoydan O`zbekistonga ilk bor chiqindi tashiydigan elektromobil olib kelindi. Shuningdek, Xitoy va O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan ekologik toza binolar qurish va chiqindilarni qayta ishlash masalalari muhokama qilindi.

    Boshqa yangiliklar