“Xorijiy davlatlarda O`zbekiston tarixi va madaniyati, o`zbek tili va adabiyotini o`rganishni keng targ`ib qilish orqali turistlar oqimini ko`paytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra:
- xorijiy davlatlarda “O`zbek akademiyasi” (“Uzacademy”) internet platformasi tashkil etiladi;
Platforma O`zbekiston tarixi va madaniyati, o`zbek tili va adabiyotini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o`rgatishni nazarda tutadi.
- yurtimizning boy ilmiy, tarixiy, madaniy va ma`naviy merosini o`rganishga qiziqish yuqori bo`lgan xorijiy ta`lim va ilmiy tashkilotlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetining markazlari (markazlar) hamda “Ipak yo`li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “O`zbekshunoslik” (“Uzbek Studies”) kafedralari faoliyati yo`lga qo`yiladi;
2024 yil 1 maydan mazkur markazlar hamda kafedralar O`zbekiston tarixi va madaniyati, o`zbek tili va adabiyotiga oid o`quv qo`llanma va darsliklar, audio va videomateriallar bilan quyidagi miqdorlarda ta`minlanadi:
- 200 ta – o`zbek tilini o`rganish uchun;
- 100 ta – o`zbek adabiyotini o`rganish uchun;
- 100 ta – O`zbekiston madaniyatini o`rganish uchun;
- 100 ta – O`zbekiston tarixini o`rganish uchun;
- 20 ta – madaniy meros va turizmni o`rganish uchun.
2024 yil yakunigacha xorijdagi o`zbek milliy madaniy markazlari va O`zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida o`zbek tili kurslari tashkil etiladi.






