AsosiyDunyo

Qozog`istonda 1 martdan boshlab mahalliy vaqt 1 soat orqaga ko`chiriladi

'Qozog`istonda 1 martdan boshlab mahalliy vaqt 1 soat orqaga ko`chiriladi'ning rasmi

“Qozog`iston Respublikasi hududida vaqtni hisoblash tartibi to`g`risida”gi hukumat qaroriga o`zgartirishlar kiritildi.

Unga ko`ra, butun mamlakat bo`ylab 2024 yil 1 martdan soat 00-00 dan boshlab yagona vaqt mintaqasidan foydalanish belgilandi, deb xabar beradi Kazinform Qozog`iston Respublikasi Savdo va integrasiya vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.

Shunday qilib, Qozog`iston Respublikasining butun hududida 5 soatli mintaqa (UTC+5) tatbiq etiladi.

O`zgartirishlarga ko`ra, Qozog`iston Respublikasi Hukumatining 2000 yil 23 noyabrdagi 1749-sonli “Qozog`iston Respublikasi hududida vaqtni hisoblash tartibi to`g`risida”gi qaroriga muvofiq “Ostona, Olma-Ota shaharlari hokimliklari, Chimkent, Aqmola, Olma-Ota, Jambil, Qarag`anda, Qo`stanay, Pavlodar, Shimoliy Qozog`iston, Turkiston, Sharqiy Qozog`iston viloyatlari hamda Abay, Jetisu, Ulitov viloyatlarida 2024 yil 29 fevraldan 1 martga o`tar kechasi (soat 00-00 da) mahalliy vaqtni 1 soat orqaga ko`chirish belgilanadi”.

Bugungi kunda Qozog`istonda ikki vaqt zonalari — UTC+5 va UTC+6 mavjud. Mamlakat hududining g`arbiy viloyatlardan tashqari katta qismi UTC+6 zonasida joylashgan.

Qozog`istonda yagona vaqt mintaqasini o`rnatishni vaqtni hisoblash masalalari bo`yicha ishchi guruh tarkibiga kiradigan qozog`istonlik olimlar va ekspertlar taklif qilgan.

Ishchi guruh 2023 yil fevral oyida qozog`istonliklarning eng qulay vaqt zonasiga o`tish bo`yicha takroriy murojaatlari tufayli tuzilgan. Uning tarkibiga ilmiy institutlar, tibbiyot oliy o`quv yurtlari, markaziy va mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari, parlament deputatlari va boshqalar kirdi.

O`tgan yil davomida tibbiyot, fiziologiya, geografiya, metrologiya va boshqa sohalar vakillaridan iborat ishchi guruh a`zolari Qozog`istonda qulay vaqt zonasini tashkil etish masalasini o`rganib chiqdi.

Ishchi guruh a`zolari UTC+5 yagona vaqt mintaqasiga o`tishni eng to`g`ri va maqbul variant sanab, bunda Qozog`istonning aksariyat hududlari tabiiy vaqtga eng yaqin vaqtdan foydalanishlari to`g`ri degan fikrga keldi.

Bunda ishchi guruh tomonidan xalqaro tajriba o`rganilib, dunyoning 175 ta davlatida yagona vaqt mintaqasi faoliyat yuritayotgani, atigi 22 ta davlat bittadan ortiq vaqt mintaqasida yashashi aniqlandi.

Mutaxassislar, shuningdek, yagona vaqt mintaqasining o`rnatilishi mamlakatimizning turli hududlari aholisi o`rtasidagi vaqt bilan bog`liq to`siqlarni bartaraf etish, transport va boshqa kommunikasiyalar faoliyatini muvofiqlashtirishni yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini yuritish, davlat organlari va shoshilinch guruhlari o`rtasidagi o`zaro hamkorlikda ijobiy ta`sir ko`rsatishini qayd etdi.

Qarorning rasmiy e`lon qilinishi kutilyapti va 2024 yil 1 martdan kuchga kiradi.

    Boshqa yangiliklar