Ijtimoiy tarmoqda va qator OAVlarda taxminan 1 yashar go`dakni ayol shafqasizlarcha urayotgani, yana bir lavhada esa ana shu bolani ayol bilan erkak erga ko`mayotgani tasvirlangan video tarqaldi.
Bolalar ombudsmani mazkur videodagi holatni tegishli prosessual tartibda o`rganishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.
Tegishli idoralarning tezkor hamkorligida holat o`rganilib, videotasvirdagi ma`lumot asosida ayolning shaxsi identifikasiya qilindi. Aniqlanishicha, bu shaxs Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashovchi 1995-yilda tug`ilgan A.G. bo`lib, hozirgi paytda u (2016-yildan beri) Rossiya Federasiyasining Novosibirsk shahrida turmush o`rtog`i B.I. bilan yashab keladi. Shuningdek, videotasvirdagi go`dak A.G. va B.I.ning 2019-yilda tug`ilgan farzandi R.X. ekanligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tegishli so`roviga asosan Bosh konsulxona hamda Novosibirsk oblasti IIV xodimlari bilan o`zaro tezkor ma`lumotlar almashinishi natijasida, 19-yanvar kuni B.I va A.G. lar Berdyansk shahrida qo`lga olinib, prosessual tartibda hibsga olindilar.
Rossiya Federasiyasi Tergov Qo`mitasining Novosibirsk shahri (Oktyabrskiy rayoni) tergov boshqarmasi tomonidan A.G. va B.I. ga nisbatan RF JK 117-moddasi (qiynash) bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur jinoyat ishi yurituvi doirasida O`zbekiston fuqarosi bo`lgan voyaga etmagan R.X. manfaatlarini ta`minlash yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Rossiya Federasiyasi tergov qo`mitasi bilan huquqiy hamkorlik choralarini davom ettirmoqda. Bu borada qo`shimcha ravishda ma`lumot beriladi.
Mazkur holat bo`yicha Bolalar ombudsmani o`z kuzatuvini davom ettiradi.






