Senatning qirq to`qqizinchi yalpi majlisida «O`zbekiston Respublikasi bilan Eron Islom Respublikasi o`rtasida mahkumlarni topshirish to`g`risidagi Shartnomani (Tehron, 2023 yil 18 iyun) ratifikasiya qilish haqida»gi Qonun ko`rib chiqildi.
Ta`kidlanganidek, Shartnomaning ratifikasiya qilinishi jinoyat sodir etish natijasida ozodlikdan mahrum etilgan O`zbekiston va Eron fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o`z mamlakatida o`tashlari uchun huquqiy asos va mahkumlarni topshirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.
Ta`kidlash joizki, Shartnoma 2023 yil 18 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Eronga rasmiy tashrifi davomida imzolangan edi.
Hujjatga ko`ra, mazkur Shartnomani ratifikasiya qilish orqali uning kuchga kirishi mahkumlarni topshirish sohasidagi normativ-huquqiy bazani shakllantirib, ikki davlat vakolatli organlarining ushbu sohadagi o`zaro hamkorlik samaradorligini oshiradi.
Muhokama chog`ida senatorlar mahkumlarga jazoni o`z yurtida o`tashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam ko`rishib turish imkonini berishini, bu esa o`z navbatida oilaviy munosabatlarga ijobiy ta`sir ko`rsatishini, shuningdek, mahkumlarning ijtimoiy hayotga moslashishiga yordam berishini alohida qayd etdilar.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.