"Yo`l harakati to`g`risida”gi Qonun (O`RQ–900-son, 19.01.2024 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan yo`l egasining huquq va majburiyatlari, transport egalarining yo`l harakati xavfsizligini ta`minlashga doir majburiyatlari hamda mehnat shartnomasi bo`yicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari alohida belgilandi.
Yo`l qaysi korxona, muassasa, tashkilot yoki jismoniy shaxslar ixtiyorida bo`lsa, o`shalar yo`l egasi hisoblanadi.
Yo`l egasi yo`llarni qurish, ta`mirlash va rekonstruksiya qilish loyihalarini kelishib olish va tasdiqlashda, shuningdek ta`mirlash ishlarini tashkil etishda ishtirok etish huquqiga ega.
Transportni o`z xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarish uchun, shu jumladan transportning mulkdori yoxud boshqa egasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga yoki fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomaga asosan boshqaruvchi shaxs transport vositasining egasi bo`lmaydi.
Transport egalari:
— texnik jihatdan soz transportdan foydalanishi;
— transportning tegishli malakaga ega va tibbiy ko`rikdan o`tgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga ijozat berishi;
— transportdan foydalanish chog`ida boshqa shaxslarning hayotiga, sog`lig`iga va (yoki) mulkiga zarar etkazganlik uchun o`z fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilishni amalga oshirishi;
— transportning alkogoldan mast holatda yoki psixoaktiv moddalar ta`siri ostida yoxud o`ta charchoq holatda bo`lgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga yo`l qo`ymasligi shart.
Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran 6 oy o`tgach kuchga kiradi.






