Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 32 nafar o`quvchi zaharlangani aytilmoqda. Ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari agentligi holatga izoh berdi.
Unga ko`ra, Sariosiyo tuman ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 402 nafar o`quvchiga 37 nafar o`qituvchi, 8 nafar tarbiyachi ta`lim-tarbiya berib keladi. Maktab-internat yotoqxonasiga 120 nafar o`quvchi joylashgan bo`lib, shundan 32 nafarida 2024 yil 18 yanvar kuni soat 22:00-24:00 oralig`ida sog`lig`i bilan bog`liq ko`ngil aynishi, oshqozonda va qorinda og`riqlar kuzatildi.
Mazkur holat bo`yicha maktab-internat hamshirasi birinchi yordam ko`rsatdi, foydasi bo`lmagach tez yordam xodimlarining ko`rsatmasiga ko`ra tuman tibbiyot birlashmasiga olib borildi. Ma`lumot o`rnida maktab-internat oshxonasida autsorsing asosida “Azizbek Omad uchquni” MChJ faoliyat olib boradi.
19 yanvar kuni Sariosiyo tuman Sanitariya va epidemiologiya osoyishtalik markazi tomonidan maktab-internat oshxonasining sanitariya holati to`liq o`rganilib, 18 yanvar kuni o`quvchilarga berilgan nonushta, tushlik va kechki ovqat namunalari tahlil uchun olindi.
Hozirda barcha o`quvchilarning sog`ligi yaxshi, dars jarayonlarda faol ishtirok etmoqda. Shuni alohida ta`kidlaymizki, vaziyat IIB, SES hamda Ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari agentligi tomonidan nazoratga olingan.






