AsosiyJamiyat

O`zbekistonda havoga zararli moddalar chiqarayotgan korxonalar faoliyati to`xtatilishi mumkin

'O`zbekistonda havoga zararli moddalar chiqarayotgan korxonalar faoliyati to`xtatilishi mumkin'ning rasmi

Senatning qirq to`qqizinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi Qonun ko`rib chiqildi.

Ma`lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta`minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda sanitariya holatini va ekologik vaziyatni yaxshilash, shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlari uchun shart-sharoitlar yaratish bo`yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Biroq qurilish, ishlab chiqarish va urbanizasiya ko`lamlarining kengayishi atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining ortishiga sabab bo`lmoqda.

Favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda fuqarolarning hayoti va sog`lig`iga boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish uchun qonunlarda atrof tabiiy muhitga zararli ta`sir ko`rsatuvchi ob`ektlarning faoliyatini maxsus vakolatli davlat organlarining qaroriga ko`ra cheklash yoki to`xtatib turish mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga qonunchilikda tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyatini cheklash yoki to`xtatib turish uchun asos bo`lgan noaniq ta`riflarning mavjudligi davlat organlarining diskresion vakolatlari kengligi bilan bog`liq korrupsiya holatlari paydo bo`lishiga olib kelishi mumkin.

Mazkur hujjat bilan “Tabiatni muhofaza qilish to`g`risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risida”gi hamda “Ekologik nazorat to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlariga davlat organlari tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyatini cheklash yoki to`xtatib turish to`g`risidagi qarorlarni, birinchi navbatda, aholining hayoti va sog`lig`iga xavf yuzaga kelishining oldini olish zaruratini hisobga olgan holda qabul qilish asoslarini aniqlashtiruvchi o`zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar fikricha, ushbu Qonun ekologik vaziyatni yaxshilashga, aholining hayotiga va sog`lig`iga xavf yuzaga kelishining oldini olishga, tadbirkorlik sub`ektlarini himoya qilishga, shuningdek, korrupsiya omillarini bartaraf etishga hamda vakolatli davlat organlarining mas`uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar