AsosiyJamiyat

Bolalardagi asabiylik va bosh aylanishi kamqonlik alomatimi? Mutaxassis xabar berdi

'Bolalardagi asabiylik va bosh aylanishi kamqonlik alomatimi? Mutaxassis xabar berdi'ning rasmi

Kamqonlik — dunyo miqyosida maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar orasida eng ko`p uchraydigan xastaliklardan biri. Yurtimizda bu kasallik kichik yoshdagi o`g`il-qizlar orasida ham uchraydi.

Xo`sh, buning sabablari nimada?

—  Kundalik iste`mol mahsulotlarida kerakli vitamin va ozuqalarning etishmasligi, ekologiyaning yomonlashuvi ko`plab xastaliklar qatori kamqonlikni ham keltirib chiqaradi, — deydi tibbiyot fanlari doktori Aziza Mahmudova.

— Yangi tug`ilgan chaqaloqlarda anemiya homiladorlik davridagi muammolar — qon ketish, homilaning tushish xavfi, onadagi yuqumli kasalliklar tufayli yuzaga keladi. Qolaversa, erta tug`ilgan bolalarda ham bu xastalik ko`p kuzatiladi.

Ushbu dard bilan og`rigan bolalar yuqumli kasalliklarga tez chalinadi. Oqibatda ularda kamharakatlik, charchoq, uyquchanlik, ishtahasizlik hamda vazn etishmasligi kuzatiladi. Teri oqarib, tirnoqlar va sochlar mo`rtlashadi.

Til yallig`lanib, og`iz atrofida yuzaki yaralar paydo bo`ladi. Asab tizimi faoliyati buziladi, tez-tez bosh aylanishi, og`rishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. 1 yoshgacha bo`lgan va og`ir kamqonlikka chalingan go`daklar rivojlanishda ancha ortda qoladi.

Bundan tashqari, asabiylik, bo`r yoki kesak eyish ham kamqonlikning asosiy belgilaridir. Og`ir holatlarda esa hushdan ketish, taxikardiya, nafas qisishi kuzatilishi mumkin.

Kasallikka tashxis qo`yishda, avvalo, pediatr-shifokor ko`rigidan o`tish lozim. Qolaversa, anemiyani aniqlash uchun gastroenterolog, nefrolog, allergolog, gematolog va boshqa tor doiradagi mutaxassislar tekshiruvi ham talab etilishi mumkin.

Shuningdek, kamqonlikni davolash uchun, avvalo, yosh bolalar, maktab yoshidagi o`g`il-qizlar taomnomasi va kunlik tartibini qayta ko`rib chiqish kerak. Bemor bola ko`proq toza havoda sayr qilishi, o`rtacha jismoniy faoliyat bilan shug`ullanishi, bir vaqtda uxlab, bir vaqtda uyg`onishi tavsiya etiladi.

Anemiyaga chalingan bolalar rasionida temirga boy mahsulotlar – qizil go`sht, loviya, no`xat, qorabug`doy unidan tayyorlangan non, qo`ziqorin, quritilgan mevalar va ko`katlar bo`lishi kerak.

 S va B12 vitaminlariga boy mahsulotlar (bulg`or qalampiri, brokkoli, sitrus mevalar, baliq, yashil bargli sabzavotlar) ham kasallikning oldini olishda juda muhim. Boisi bu vitaminlarsiz temir qonga so`rilmaydi.

Agar bolada jiddiy kamqonlik kuzatilsa, shifokor tomonidan zarur dori-darmonlar tayinlanadi. (https://telegra.ph/file/0c67dfd7a3fa17a6c311b.jpg)

 

    Boshqa yangiliklar