2023 yildagi yillik inflyasiya darajasidan kelib chiqib, 2024 yil uchun hisoblangan minimal iste`mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 621 ming so`mni tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.
Ma`lumot uchun, O`zbekistondagi minimal iste`mol xarajatlari miqdori 2021 yilda 440 ming so`mni tashkil etgan, 2022 yil yanvaridan boshlab esa 498 ming so`m deb belgilangandi. So`nggi marta bu miqdor 2023 yil iyul oyida 498 ming so`mdan 568 ming so`mgacha oshirilgandi.
Jahon tajribasida minimal iste`mol xarajatlaridan kambag`allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo`lib, mazkur ko`rsatkichdan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
- davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko`maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
- mamlakatning kambag`allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste`mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
- kambag`allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
- pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag`al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko`maklarni ko`rsatishda mezon sifatida.






