O`zbekistonda Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o`tkazilgan tekshiruvda qariyb milliard so`mlik gaz o`g`irlangani aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda MChJ rahbari va boshqa xodimlari tijorat maqsadida mehmonxona binosini umumiy foydalanishdagi gaz quvuriga o`zboshimchalik bilan ulagani ma`lum bo`lgan. Oqibatda 495 million 400 ming so`mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingan.
Shuningdek, departamentning Pastdarg`om tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda oilaviy korxona rahbari ham issiqxonani tarmoqqa noqonuniy ulab, o`g`irlangan gazdan foydalanib kelgan. Avvalroq gazdan qarzdorligi sababli tarmoqdan uzib qo`yilgan issiqxonaning davlatga 318 million 700 ming so`mlik zarar etkazgani aytilmoqda.
Departamentning Karmana tuman bo`limi va IIB xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda ham yana bir oilaviy korxona hech qanday shartnomasiz tarmoqqa ulanib, 144 million 900 ming so`mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
"Mazkur holatlar yuzasidan hozirda Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o`g`rilik) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda", deyiladi bu haqdagi xabarda.






