"Sharq" nashriyot-matbaa ijodiy uyining bino va inshootlari madaniy meros ob`ektlari ro`yxatidan chiqarilgani haqida xabar bergan edik.
Shu bois o`zining avvalgi qiyofasini saqlab qolmasligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Holat yuzasidan madaniy meros agentligi izoh berdi. Bu haqda darakchi.uz muxbiri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, majmua 1914–1983 yillar mobaynida bunyod etilgan 14 ta bino va inshootdan iboratdir.
2023 yilning 14 oktyabrida Ishchi guruh mazkur ob`ektlarda tarixiy va madaniy ekspertizani o`tkazdi.
Guruh tarkibi Madaniy meros agentligi vakillari, agentlik huzuridagi Ilmiy ekspert kengashi a`zolari, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “Sharq nashriyoti matbaa korxonasi” aksiyadorlik jamiyati xodimlaridan iborat edi.
Ekspertiza natijalariga ko`ra, ishchi guruh tomonidan bino va inshootlarning aksariyati to`liq rekonstruksiyani taqozo etuvchi avariya holati, ayanchli ahvolda ekani to`g`risida tegishli xulosalar qilindi. Shuningdek, tarixiy va madaniy ahamiyatga molik binolar aniqlandi.
Shu bilan birga, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga mulk majmuasining realizasiya qilinishida “O`zA binosi” (liter 0002) ma`muriy binosining tarixiy me`moriy qiyofasini saqlab qolish zarurligi, kelgusida esa qurilish, ta`mirlash va rekonstruksiya ishlarini Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, Madaniy meros agentligi Toshkent shahridagi modernizm inshootlari, shu jumladan, O`zA binosini YuNESKO Butunjahon merosining dastlabki ro`yxatiga kiritish uchun arizani tayyorlagan.






