Toshkent shahrida 70 yoshli “Navoiy-avtosavdo” MChJ direktori Niyoz Ibodov “Dolzarb qirq kunlik” doirasida bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib qo`lga olingani xabar qilingan edi. U Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismida (juda ko`p miqdorda tovlamachilik) ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko`ra, Niyoz Ibodovning o`g`li sudya bo`lib, otasining qilmishiga aloqadorligi aytilgan. Mazkur holat yuzasidan “Daryo” Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati rahbari Tursunali Akbarovdan izoh oldi.
Tovlamachilik jinoyatini sodir etishda gumonlanayotgan “Navoiy-avtosavdo” MChJ direktori Niyoz Ibodovning qilmishiga uning sudya o`g`lining aloqadorligi to`g`risida ma`lumotga ega emasmiz. Mazkur holatga faqat tergov yo`li bilan aniqlik kiritilishi mumkin.
Gumondorning o`g`li A.Ibodov jinoyat ishlari bo`yicha Navbahor tuman sudi raisi lavozimida ishlagani rost. Biroq u Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani uchun to`qqiz oy avval, ya`ni 2023 yilning 25 aprelida lavozimidan ozod etilib, sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan va kengash tomonidan bu haqda o`z vaqtida jamoatchilikka ma`lum qilingan, — dedi Tursunali Akbarov.
20 mlrd so`mlik tahdid
“Kun.uz” nashrining surishtiruviga ko`ra, Niyoz Ibodov “Navoiy-avtosavdo” MChJda 61,20 foiz ulushga egalik qilgan. MChJning 32,70 foiz ulushi esa Sardor G`afforovga tegishli bo`lgan.
Aytilishicha, Niyoz Ibodov o`zining jiyani bo`lgan Sardor G`afforovni “Navoiy-avtosavdo” MChJdagi ulushidan voz kechtirish bo`yicha B.Sultonovga murojaat qilgan. B.Sultonov, Niyoz Ibodov va boshqa noma`lum shaxslar 2023 yilning iyun oyi boshlarida bir guruhga birlashib, ishni “hal qilish” uchun oldindan jinoiy til biriktirgan.
Guruh a`zolari Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan ofisga Sardor G`afforovni chaqirib, undan avtosalondagi 20 mlrd so`mga teng ulushini 200 ming AQSh dollari evaziga Niyoz Ibodov nomiga o`tkazib berish haqida do`q-po`pisa qilib, agar ulushni o`tkazib bermasa, jismonan yo`q qilib yuborishni aytishgan.






