O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisiga ikki yangi o`rinbosar tayinlandi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Dilshod Rasulov xalqaro hamkorlik masalalari bo`yicha o`rinbosari lavozimiga tayinlandi.
U 1972 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, 1994 yilda Toshkent moliya institutini, 2003 yilda O`zbekiston Respublikasi strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabini tamomlagan.
1997—2009 yillarda Bojxona qo`mitasida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. Dilshod Rasulov 2010—2014 yillarda Savdo-sanoat palatasida Savdo ko`rgazmalari va yarmarkalarini tashkil etish bo`limi boshlig`i, Tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti boshlig`i, rais o`rinbosari lavozimlarida ham ishlagan.
Tayinlovga qadar Prezident Administrasiyasida boshqarma boshlig`i o`rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Davronbek Kurbanov biznes muhitini tahlil qilish va ishbilarmonlik indekslarini baholash, tadbirkorlarga bozor infratuzilmasi masalalarida ko`maklashish yo`nalishi bo`yicha o`rinbosari bo`ldi.
Davronbek Kurbanov 1975 yilda Xorazm viloyatida tug`ilgan, 1995 yilda Samarqand kooperativ institutini, 2006 yilda Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida Soliq qo`mitasi, Moliya vazirligi, Bosh prokuratura hamda prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil devonida turli lavozimlarida ishlagan.
2022—2023 yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo`mitasining Strategik rejalashtirish departamenti direktori, tayinlovga qadar esa Yirik soliq to`lovchilar bo`yicha hududlararo soliq inspeksiyasi boshlig`ining birinchi o`rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.






