AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev OIIB prezidenti Szin Lisyun bilan uchrashdi

'Shavkat Mirziyoev OIIB prezidenti Szin Lisyun bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki bosh qarorgohiga tashrif buyurib, bank prezidenti Szin Lisyun bilan muzokara o`tkazdi.

Ushbu etakchi xalqaro moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.

Keyingi yillarda bank bilan hamkorlik misli ko`rilmagan yuksak darajaga ko`tarildi. Qo`shma loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshdi. 2023 yilning o`zida jalb qilingan investisiyalar hajmi 1 milliard dollarga etdi.

Energetika, suv ta`minoti, avtomobil va temir yo`llarni rekonstruksiya qilish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha muhim loyihalar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari strategik xomashyoni chuqur qayta ishlash loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

Yangi O`zbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlar doirasida ustuvor yo`nalishlardagi loyihalarni amalga oshirish bo`yicha 2026 yilgacha mo`ljallangan qo`shma Hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik muhim infratuzilmaviy loyihalarni qo`llab-quvvatlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Bank boshqaruvchilari kengashining joriy yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo`lajak yillik yig`ilishiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazishning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.

    Boshqa yangiliklar