Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Ekaterinburg shahrida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qurilish maydonlarining birida reyd o`tkazilgani va unda bir guruh muhojirning o`rdaksimon yurishga majburlangani aks etgan videolar tarqalgan edi.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ular orasida O`zbekiston fuqarolari ham bo`lganini ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, voqea joriy yilning 17 yanvar kuni Ekaterinburg shahrida joylashgan qurilish maydonlarining birida sodir bo`lgan. Unda huquq-tartibot idoralari qurilish ob`ektlarida ishlayotgan migrantlarga reyd o`tkazgan va ularga nisbatan g`ayriinsoniy usullarni qo`llab, kamsitgan.
Bildirilishicha, ushbu qurilish ishlarida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari vaqtincha ishlab kelgan. Reyd davomida 2 nafar O`zbekiston fuqarosi ham ushlangan. So`ngra ular patentsiz mehnat faoliyatini amalga oshirayotgani sababli sudning qarori asosida Ekaterinburg shahri Gornistov 15/4-uyda joylashgan Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirilgan.
O`zbekiston fuqarolarining so`zlariga ko`ra, emaklab yurishga majburlangan migrantlar huquq-tartibort organlari xodimlari qurilish binosiga kirgan vaqtda qochishga harakat qilgan. Ammo binoning orqa tomonidan qochyotgan vaqtida qo`lga olingan. Fuqarolarning ushbu harakatlariga javoban huquq-tartibort organlari xodimlari ularni o`tirib yurishga majbur qilgan.
“Hozirgi vaqtda ushbu holat mamlakatimizning Ekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasi va Tashqi mehnat migrasiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan nazoratga olingan hamda yurtdoshlarimizga huquqiy va boshqa shakldagi yordam ko`rsatilmoqda”, deyiladi agentlik xabarida.






