AsosiyJamiyat

AQSh O`zbekiston aholining eng zaif qatlamlariga 131 tonna oziq-ovqat yubordi

'AQSh O`zbekiston aholining eng zaif qatlamlariga 131 tonna oziq-ovqat yubordi'ning rasmi

Bugun Amerika Qo`shma Shtatlari o`zining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali qiymati 425 000 dollarga teng bo`lgan 131 tonna oziq-ovqatni O`zbekistonga etkazib berdi. Bu haqida AQShning mamlakatimizdagi elchixonasi xabar bermoqda.

Ushbu yordam 120 dan ortiq sog`liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasasiga tarqatilib, mamlakatdagi eng yordamga muhtoj fuqarolar, xususan, tuberkulyoz va ruhiy salomatlik muassasalaridagi bemorlar, nogironligi bo`lgan bolalar va keksalarni 6,5 million porsiya oziq-ovqat bilan ta`minlaydi.

“Ushbu dastur ovqatlanish sifatini yaxshilash hamda aholining eng zaif qatlamlari sog`lom va samarali hayot kechirishi uchun etarli, xavfsiz va to`yimli oziq-ovqat bilan ta`minlanishi bo`yicha davom etayotgan O`zbekiston va Amerika Qo`shma Shtatlari o`rtasidagi mustahkam hamkorlikni namoyish etadi”,- dedi o`z nutqida USAIDning O`zbekistondagi missiyasi direktori Devid Hoffman.

Ma`lumot uchun: 2010 yildan beri USAIDning Oziq-ovqat ko`magini berish xalqaro hamkorlik dasturi doirasida qiymati 4,4 million AQSh dollaridan ortiq 1500 tonna oziq-ovqat yordami O`zbekistonga etkazib berilgan. Beg`araz yordam sifatida berilgan bu oziq-ovqat mahsulotlari AQShning notijorat tashkiloti “Resource and Policy Exchange” tomonidan “Sog`lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg`armasi bilan hamkorlikda tarqatiladi.

O`zbekistonga olib kelingan ushbu yangi insonparvarlik yordami AQShning mamlakat sog`liqni saqlash sohasini qo`llab-quvvatlash doirasidagi qiymati 122 million AQSh dollaridan ortiq uzoq muddatli sarmoyasining bir qismi hisoblanadi. Shu bilan AQSh hukumatining  so`nggi 20 yil davomida mamlakatga ko`rsatgan yordami miqdori 1 milliard AQSh dollaridan oshdi.

 

    Boshqa yangiliklar