1

Shukur Xolmirzaev. Odam (hikoya)

Mutolaa 24.01.2024, 22:59
Shukur Xolmirzaev. Odam (hikoya)

 Rahima chelagini suv bo`yiga qo`yib, o`tov oldida turgan Xosiyat opaning yoniga bordi. 

— Buyoqqa kir, bir nimani ko`rsataman. Shahardan opchiqishipti! Rahima uning ortidan o`tovga kirdi-yu, taxmon qoshida tik turgan yigitni ko`rib, ketiga tislandi. Xosiyat opa uning yo`lini to`sdi: 

— Satilingni opqo`yaman, bermayman! 

— Qoching! Rahima uni itarib yuborib, tashqariga otildi. Chelagining suvini yarim qilib, sohilga chiqib oldi va soy bo`yidagi o`tovga nafrat bilan qaradi. Shu kecha uning onasi qazo qildi, o`lim oldida nevara-chevarasigacha yoniga chaqirib, ulardan rozi-rizolik oldi. «Mendan yaxshilik o`tgan bo`lsa, unutmanglar. Yomonlik o`tgan bo`lsa, esdan chiqaringlar. Rostgo`y, mard, halol bo`linglar!» — dedi. So`ng Rahimaga tikilib: 

— Bolam, Shodmon shahardan kelgan, — deya entikdi. — Seni deb kelgan. Xosiyat opangni uyiga qo`ngan. Ota-onasiz etim bola. O`zimizdan. Seni o`shanga bermoqchiydim. Keyin, yil o`tgach, Rahimani Shodmon polvonga uzatishni katta qizlariga tayinlab, ko`z yumdi. …

Yil o`tib, Rahima Shodmon polvonga xotin bo`ldi, uni shaharga tushirib ketdilar. Shodmon sho`x, charmgarning beva kelini bilan bordi-keldisi bor ekan. Rahima buni qo`shni ayoldan eshitib, bir oqshom poyladi va eri devordan oshayotganda, oyog`idan tortib yiqitdi. Polvon uni bir urib, shaytonlatib qo`ydi. Shunda Rahimaning chap qo`li sindi. Lekin keyin Shodmon ham bu yurishlarini bas qildi. Oradan to`rt yil o`tdi. «Inqilob bo`larmish, bek-bekzodalar yo`q bo`larmish» degan xabarlar tarqala boshladi. Shodmon o`shanda yurtdosh polvonlar bilan Afg`onistonga ketgan edi. Bir haftadan keyin uyoqda yiqitgan polvonlari haqqi — bir tuya mol bilan qaytib keldi va uch kun yotib, tirnoqlari ko`kardi, tog`day odam mushtdek bo`lib tirishib qoldi, o`ldi. Rahima kelin… beva qoldi. Ikki yildan keyin bozorning farroshi unga odam qo`ydi. Rahima: «Polvon meni qulflab ketgan, kaliti o`zida», deb sovchilarni qaytardi. Ular tag`in kelishgan edi, ariq ichida yotgan kaltakni olib boshiga ko`tardi: «Tinch qo`yasanlarmi, yo`qmi? Qo`y, uchta etimchani boqay!» Shodmon polvondan uchta farzand qolgan, kattasi bilan kenjasi qiz, o`rtanchasi o`g`il edi. Bir kuni guzarda «qizillar kelyapti» degan ovoza tarqalib, odamlar tog`larga qocha boshlashdi. Rahima ham bolalarini olib, yo`lga tushdi: xurjunning bir ko`zida non, sapcha, tut mayiz, tolqon. Ikkinchi ko`zida kenja qizi Tursunoy. Tog`da qochqinlikda bir yil yashadi, o`sha yili qish qattiq kelib, chap oyog`ini sovuqqa oldirdi — shishib ketdi. Bahorda yana shahardan yangi xabarlar kela boshladi: «Qizillar» ham o`zimiznikilar ekan. Musulmonobodlik bo`pti… Omonlik-omonlik!» Rahima jonidan to`yib yurgan edi, shaharga jo`nagan birinchilar qatorida yo`lga chiqdi. …Shahar vayron bo`lgan, chet-chetdagi gumbazlar yiqilgan, devorlar qulagan, lekin tinch, sokin edi. Bodomlar gullab turardi. Uch oy o`tib, kolxoz tuzildi. Rahima el qatori kolxozga kirdi va uning faol a`zosiga aylandi. G`alla o`rimi mahallarida Adolat bilan Abdurahimni ham olib chiqar, ular mashoq terishar edi. Kenjasi tog`da… ochlikdan o`lib ketgan. Bu vaqtda Adolat maktabga qatnar, Abdurahim ham dastyor bo`lib qolgan edi. Yillar o`tdi… Rahima endi o`tgan kunlarini, qizligi, shaharga tushgani, eri, uni poylaganlarini tushdagidek eslar, endi o`sha kunlar ham unga qiziq, ajib ko`rinar edi. Urush! Urush!.. Adolatni raykomga ishga olishdi, Abdurahim frontga ketdi. Uning ayoli bilan ikkita farzandi qoldi. Bir yil o`tib Abdurahimdan qoraxat keldi, saldan so`ng uning yosh xotini ikki bolasini ham Rahima opaga tashlab, chiqib ketdi. Endi Adolat ham bitta o`g`lini uyda qoldirib, dashtma-dasht yurar, erkaklarning ishini qilardi. Urush tugadi, yana tinchlik, omonlik bo`ldi. Endi Rahima buvi urush yillaridagi kunlarni xotirlar, u kunlar ko`z oldidan tushdek o`tar ekan, kelinini olti oy o`tirmay er qilib ketgani uchun hamon kechira olmas, o`shanda kunlariga yaragan ola sigirni o`kinch bilan eslardi, sigir sutdan qolgach, so`yishgandi. Tag`in yillar o`tdi. Uch nevaradan biri institutni bitirib, agronom bo`lib qaytdi. Biri novvoy, biri olis shaharda uylanib qoldi. Rahima kampir endi nevaralariga qarar, ularga o`tmishidan ertaklar aytib berar, uning butun hayoti ham g`alati bir ertakka o`xshar edi. Rahima buvi to`qsonga yaqinlashib qoldi. Adolat opa ham davlat pensiyasiga chiqdi. Uning eri Qurbon bobo — kolxoz bog`boni. Chorbog` torlik qilgani uchun agronom nevara boshqa joydan uy solib chiqib ketdi. …Kampir ikki yilcha tinch, xotirjam yashadi. Nevaralarini suyar, shular bilan ovunar, endilikda o`choqboshiga ham yaqin bormas, ro`zg`or yumushlari ham Adolat opaning qo`liga o`tgan edi. Keyin-keyin Rahima buvi esdan chiqaradigan odat paydo qildi. Bir narsani bir joyga qo`yib, keyin topolmay yurar, shunda ko`ngli bo`shab yig`lab ham olardi. Keyinchalik chevaralari bilan jiqillashadigan, tortishadigan bo`ldi. Ezmalik… Rahima buvida ana shu xislat ham paydo bo`ldi. Kattalar uning gapini eshitmasa, go`daklarni yoniga o`tqazib qo`yib gapirar, nuqul tarixdan tushar va shunday aniq qilib so`zlardiki, o`sha voqealarni hozir ko`rib turgandek taassurot qoldirardi kishida. Bu hol bir necha oy davom etdi. Agar uning gapini diqqat bilan eshitib, o`zicha tahlil qiladigan kishi bo`lsa, antiqa bir holni sezardi: u dastlab kechagi tarixdan so`zlardi — urushdan keyingi yillar, o`zining chopib-chopqillab ro`zg`or ishlarida yurgani. So`ng nuqul urush davrida boshidan kechirganlarini hikoya qiladigan bo`ldi. So`ng urushdan avvalgi yillarga o`tib oldi: kolxoz tuzilishi, quloqlar, kechasi bittasining: «Kolxozga ishga chiqma, so`yilasan!» — deb qo`rqitgani, o`zining: «Etimlarimni boq bo`lmasa!» deya faryod qilgani… Keyin, bir-ikki kun o`ziga sovchi bo`lib kelganlarni qarg`adi-yu, eri Shodmon polvon tilidan tushmay qoldi: «Tog`dek yigit edi. Tirishma degani vabomi? Afg`onda bor ekan…» Bir kuni Rahima kampir yosh qizaloqdek quvonib, uy atrofida timirskilanib yurdi. So`ng narvonga tirmashib, tomga chiqib oldi va pastga tusha olmay, yig`lab o`tirdi. Kuyovi kelib, bir amallab pastga tushirdi. Shunda qiziq ish bo`ldi, kampir kuyoviga birdan yot nazar bilan qarab qayoqqadir qochmoqchi bo`ldi va hassasini ham tashlab, emaklab uyga kirdi. Eshikni zichlab yopdi. U dag`-dag` titrar edi. Xonaning shiftlariga hayrat bilan boqdi, eshikka yaqin borgandi, eshik birdan tortildi. Rahima buvi: «Voy!» deya chekindi. Ostonada qizi Adolat opa turardi.

 — Xosiyat? Xosiyat opa! — pichirladi kampir. 

— Qo`yvor meni… Nimaga uyga qamab qo`yding? Bari bir qochib ketaman. Satilimni ber! 

Adolat opa bir qadam ichkariga bosdi: 

— Enajon, sizga nima bo`ldi? Jonim enam? 

— Haligi erkak qani, yo`q-ku? Shu kuni kechgacha Rahima kampir mana shunday, bamisoli o`n besh yashar qizlik davri bilan yashadi: onasini esladi, soyni. Onaning vasiyatlarini. Adolat opa bilan Qurbon bobo uning xonasida o`tirishardi. Ular chiqib ketgach, Rahima buvi birdan xayolga tolib qoldi va… ko`z oldidan allaqanday baland minoralar, paranji yopingan ayollar o`tdi. Keyin o`zini allaqanday ariq labida ko`rdi: birov devorga tirmashyapti. Kim u? Eri-ku? Oyog`idan tort!.. So`ng kampir o`zicha iljayib, xonada keza boshladi, shipdan osilgan lampochka tagida taqqa to`xtadi. Boshi aylanib, ko`zi tindi, so`ng ko`zi yumiq bo`lsa-da, aniq ko`ra boshladi: dara, katta gulxan yonyapti. Atrofida otlar, eshaklar. Shoshilib u yoqdan-bu yoqqa o`tayotgan odamlar… Shunda u xuddi sovqotayotgandek junjikib ketdi. Beixtiyor erga o`tirib, chap oyog`ini uqaladi. So`ng ko`z oldiga lop etib kirza botinka va fufayka kiygan o`g`li Abdurahim keldi. «O, bolam, dushmanga qiron kelsin!» — shivirladi u… Keyin chayqalib o`tirarkan, sap-sariq bug`doyzorda yurgandek his etdi o`zini. Shunda Rahima buvi birdan hushyor tortib ketdi va nevaralarining nomini tutib chaqira boshladi, keyin o`z-o`zidan xijolat tortdi: nega nevaralarini chaqiryapti u? Ular bu atrofda yo`q-ku? Chevaralarini chaqirmoqchiydi shekilli. …Adolat qani? Qizi? Xaligina shu erda edi chog`i? Kimlar chiqib ketdi boya? Rahima kampir ertasi kuni bir necha odamga o`xshab, har xil qiyofada yashadi: goh Rahima qiz bo`ladi, goh Rahima kelin. Birdan Rahima onaga aylanadi. Keyin Rahima buviga… So`ng yana Rahima qizga.

— Enajon, bizni qo`rqitmang, enajon, — dedi Adolat opa kechqurun tag`in uning uyiga kirib. 

— Bu ovqatni eng… Mana, choy! Kecha meni yomon qo`rqitdingiz. 

— Nima? Nima dedim? — so`radi u parishon bo`lib. 

— Axir meni tanimay qoldingiz-ku? Sizni uyga qamab qo`ygan emishman. Meni Xosiyat dedingiz… Bunaqa qilmang, enajon? Siz yosh bola emassiz-ku? Eshityapsizmi? Yosh bola emassiz… Sochlaringiz qayta qoraya boshladi, tishlaringiz qaytadan chiqyapti. Piri badavlatsiz, enajon? 

— Mening enam qani?.. U kutib qoldi-ku? Nimalar deyapsan? 

— Jon ena…

 — Satilimni opqo`ydingmi? 

— Uf… 

— Enam kasal edi, o`ladigan bo`lib yotipti… U o`ladi! Ketaman uyimizga. Adolat opa yig`ladi. Chiqib eriga yolvordi: 

— Choljon, qanday kunga qoldim? Enam yosh bola bo`lib qopti. Choljon… nahotki odam oxir-oqibatda shunday bo`lib qolsa-ya? Bu dahshat emasmi?.. Boyoqish enam! Yomon ayolmas edi. Bizni deb yashadi, umri o`tdi. Endi hech narsani bilmay, eslolmay o`tiripti. Bilgani, eslagani — bolaligi!.. Men qo`rqib ketyapman, choljon! Menga qarang, nimani o`ylayapsiz? 

— Kampir… odam bola bo`lib o`lmaydi. 

— Yo`q, yo`q! Bunda bir sir bor… Xo`p deng. Men naqdini ham eshitganman. Topishmoq bor-ku: to`rt oyoqli bo`lib tug`ilarmish, keyin uch oyoqli bo`larmish… 

— Keyin ikki oyoqli. 

— To`g`ri-da, odam tug`ilganda o`rmalab yuradi, keyin bir nimaga suyanib yura boshlaydi, uch oyoqli bo`ladi. Keyin ikki oyoqli, a? 

— So`ng qo`liga hassa oladi, tag`in uch oyoqli bo`ladi. Keyin… 

— Yana to`rt oyoqli bola… Bola! Choljon, haqiqatdan ham, enam bola bo`lib qoldi-ku? Erta-indin hassaga tayanib ham yurolmay qoladi. Rostakamiga bola bo`ladi… Nimaga ishonmaysiz? 

— Kampir… odamzod bola bo`lib o`lmaydi. Unda yashashida ma`no bo`lmas edi. 

— Men ana shundan qo`rqyapman-da? 

— Hovliqma, kampir… Sabr qil. 

* * * 

Uch kundan keyin Rahima kampir birdan o`ziga keldi. Unga qaragan, gapini eshitgan kishi kuni kecha qilgan ishlariga sira ishonmas edi. Momo qizini chaqirdi, unga ma`yus tikilib, yig`ladi: 

— Konsert ko`rsatdimmi? Nimalar dedim… Eslolmayman. 

— Hozir tuzukmisiz, enajon? 

— Xudoga shukur… Bolam, taraddudingni ko`r, men ketaman endi. 

— Enajon? 

— Xo`p de, yolg`izim. Sezib turibman… Qil ustida turganga o`xshayman… Bolaga o`xshab qoldimmi? 

— Sal… 

— Sal emas. Rahmatli enam ham shunaqa bo`lgan edi. Keyin o`lar chog`ida aytgan ediki… 

— Nima degandilar? 

— Odamzod hayoti oxirida… so`nish oldidagi shamga o`xshar emish. Odam o`lim ostonasida birdan kuch yig`adi ekan. Sham ham so`nish oldida birdan alanga olib yonadi-ku? Keyin so`nadi…

 — Enajon. 

— Men xiyla aljib qoldim-a? Esim bor… Keyin juda bo`shashib ketdim, jin urdi-qo`ydi. Xayriyat, hozir es-hushim joyida, bolalarni chaqir, vasiyat qilay. 

* * * 

— Bolalarim, mendan rozi bo`linglar. Yaxshiligim o`tgan bo`lsa, unutmanglar. Yomonligim o`tgan bo`lsa… esdan chiqaringlar. Men hayotimdan roziman, sizlardan roziman. Mendan ham rozi bo`linglar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1