O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Shenchjen shahriga tashrifi doirasidagi navbatdagi uchrashuv “CSG” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Men Chjenpin bilan bo`ldi.
Xitoyning elektr tarmoqlari sohasidagi etakchi kompaniyalardan biri “CSG” tarmoqlarni qurish va boshqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning bozor kapitallashuvi 60 milliard dollarni tashkil etadi.
Uchrashuvda istiqbolli kooperasiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko`rib chiqildi. Xitoy kompaniyasi ishtirokida loyihalashtirish va injiniring bo`yicha zamonaviy tizimlarni, energetik xavfsizlikni ta`minlash va energiya tarmoqlarida yo`qotishlarni kamaytirish bo`yicha yuksak standartlarini joriy qilishga alohida e`tibor qaratildi.






