Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri atmosfera havosining ifloslanishiga issiqxonalarni ko`mir bilan isitish ham sabab bo`layotgani haqida fikrlar bildirilgandi.
Ekologiya vazirligi tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota, Toshkent, Qibray, Yangiyo`l tumanlarida joylashgan issiqxonalar faoliyati o`rganilmoqda.
Maqsad Toshkent shahri atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani, shuningdek, yuqoridagi hududlarda atmosfera havosini sezilarli yomonlashgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli murojaatlar yuzasidan ekologik monitoring o`tkazishdir.
Ta`kidlash joizki, ko`mirdan foydalanadigan issiqxonalar atmosfera havosi ifloslanishining asosiy sabablaridan biri bo`lib qolmoqda. Oxirgi besh yilda iqtisodiyotda ko`mir iste`molining o`sish sur`ati 22 foizdan oshdi. Agar 2018 yilda 6,8 million tonna ko`mir ishlatilgan bo`lsa, 2022 yilda bu raqam 8,3 million tonnadan ortdi.
Monitoring davomida issiqxonalarda foydalanilayotgan yoqilg`i turlari, yoqish qurilmalarining holati to`liq xatlovdan o`tkazilmoqda. Shuningdek, issiqxonalarga berilgan davlat ekologik ekspertizasining xulosalarida belgilangan me`yorlarga rioya etilganligi o`rganilmoqda.
Shu bilan birga, issiqxonalarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy tashlanma manbalardan hosil bo`ladigan ifloslantiruvchi gazlarni tozalash qurilmalari o`rnatilganligi ham tekshirilmoqda.
Qolaversa, har bir issiqxonaga qonuniy tartibda faoliyat ko`rsatish lozimligi, aks holda tegishli choralar ko`rilishi to`g`risida ogohlantirish xatlari berilmoqda.
Monitoring 31 yanvargacha davom etadi.






