1

Xurshid Do`stmuhammad. Jajman (hikoya)

Mutolaa 25.01.2024, 23:00
Xurshid Do`stmuhammad. Jajman (hikoya)

Yomonning kuchi men yapaloqqa etibdi-da!.. H-ah, sag`irri haqqi ursin-a! Tong sahargi bu alamli qarg`ishdan tim ichi oyoqqa qalkdi. Rasta ustida, ostida, qop-qanorga yonboshlab omonat uxlab yotgan keksayu yosh turshakfurush, yong`oq-furush, mayizfurush, iistafurush va hokazo furushlar uyquli ko`zi bilan apil-tapil yon-verini paypaslay ketdi, ko`ngli joyiga tushganlar birin-sirin oh chekayotgan juvon tevaragiga to`plana boshladi. Ham-dardlar ham topildi: — Ko`p obdeme? — so`radi ulardan biri shang`illab. — Qopni yarimlatib ketibdi, — deb piqilladi juvon, — O`, xotintaloq!.. — Shu ayoldi mayizini eguncha tili o`yilib tushsin-a. — Nechchi qopidi, opoy? — chiyillab so`radi yana birovi. — Bir qop... idi... etimchalar nasibasidan qayirib opkelgandim. — Qo`lga tushirib, manashi tim shiftiga osish ke-rak! — dedi boshqasi dag`dag`a qilib. To`dadan chekkaroqda boshini solintirib turgan Zardusht bobo, biron erda pusib yotgan o`g`ri-kazzobning giribonidan olishiga imoni komildek, vazmin odimlab timning etagi tomon yurdi, ikki yoni keta-ketguncha cho`zilgan rasta oralab borayotib, kunda-shunda bozorchilarning mudrab-kerishib zo`r-bazo`r uyg`onayotganini kuzatganicha o`yladi: «Hamma o`zi bilan ovora... tiriklik tashvishi... sotish, sotish, sotish... uyum-uyum pista, bodom, turshagu mayizni sotish, pulga chaqish rdida bari...» Bobo beixtiyor ustma-ust taxlangan qop-qanor cho`g`ini chamaladi, yana picha yurdi, so`ng sotuvchi ahli siyraklashgani bois tim odog`iga — devorga etmay iziga qaytdi. Qaytayotib... orqa tomondan kimdir devorni mushtlayotgandek zaif gursillagan tovushni eshitdi. Bobo qordek oppoq soqolini tutamlab quloq osdi, hiyla shu ko`yi tek turgach, ortiq e`tiborini bo`lmay jabrdiyda juvon tashvishida kelgan yo`liga qaytdi. Boboning rastasi timning boshlanishida — darvoza biqinida edi — u notayin xayollarga chalg`ib joyiga keldi-da, qoplaridan birining og`zini ochib, sara mayizdan qiyiqchasiga uch-to`rt kaft soldi, olib borib juvonning yarimlagan qopi ustiga qo`ydi. Boboning izidan mayiz keltirib to`kuvchilar qatorlashdi. Ular o`limdek bedavo kuch oldida o`z ojizliklarinn tan olgandek, juvonga so`zsiz hamdardlik izhor qilishar va boshlarini quyi solintirgancha izlariga qaytishardi. Zardusht bobo rastasi yoniga to`shalgan ko`rpachaga o`bdon joylashib cho`k tushayotib, bir narsadan xavotirlangandek: «O`zing madadkorsan, Axuramazda...» dedi shivirlab. Shivirlagani zamon soch-soqolidai, quyuq qoshlaridan nur taraldi — yon-atrofida bir zum fonus yonib o`chgandek bo`ldi... To`satdan uch-to`rt ustun narida kap-katta erkak kishi beo`xshov do`rillab faryod ko`tardi: — Uyim kuyde!.. Xudo urde!.. Boyagi bezovtalikdan so`ng hiyla tinchib qolgan timda yana g`ala-g`ovur ko`tarildi. Yaqin-atrofdagilar, jabrdiyda juvonga yordam berib qaytayotganlar gurillab dod solayotgan kishi tepasiga bordi. Ellikni urib qo`ygan, bo`rdoqiga boqilgan qo`ydek biqqi semiz turshakfurush alpang-jalpanglab emaklaganicha qavat-qavat to`shalgan ko`rpachalarni itqitar, nuqul, «Yo`q!.. Yo`q!.. Shilib ketibdi!», der, lekin yo`qotganini topishdan umidvor shekilli, qalt-qalt titrayotgan qo`llari bilan ko`rpachalarni qayta-qayta ag`dar-to`ntar qilishdan tinmas edi. — Qanchaydi, Qamchevoy? — so`radi shinavanda bozorchilardan biri. — Estuk ostuga... yostug`di ostuga qo`ygandim... — deb g`o`ldiradi turshakfurush boshini ko`tarmay. — Qanchaydi, deyopman? — chiyilladi boyagi kishi. — Anchayde... man sanamagan... bir dasta edi!.. — Ol-a! — Barakalla-e, Qamchi-e, yostikdi ostiga ham pul qo`yadime, inson! A, bu... — Yostiqning ostiga qo`yadimi, ustigami, bu — har kimning xohishi. Ammo-lekin pulni oldirganimiz emas, allaqanday zig`irchaning ta`zirini berib qo`yayolmayotganimiz alam qiladi odamga! «Nuringni darig` tutma!...!» deb yubordi Zardusht bobo o`ziga-o`zi gapirayotgandek va aft-angorini ko`rmasa-da, gap boshlagan So`zamol yong`oqfurush yigitni ovozidan tanib. «Ota yong`oqfurushning o`g`li...» degan o`y kechdi xayolidan. Yigit astoydil yonib-kuyib gapirayotganidan xaloyiq sukut saqlab uning og`ziga angraygan edi.

— Kecha ikki sho`ring qurg`ur pulini o`g`irlatdi, — dedi So`zamol yigit, — ilgarigi kuni kuppa-kunduzi bir xalta xandon pistani oldirdik, kecha — pul, mana, bugun yana... iya, muttahamlik ham eviminan-da! «Vey, yaxshilar, ko`zni ochaylik!» deydigan biron zabonlik mard yo`g`-a!.. Xayolga cho`mgan Zardusht boboning ko`ksiga tushgan soqoli sezilar-sezilmas titradi... ...Sahar edi, g`ira-shirada tahoratlanib olgach, timirskilanib-paypaslanib rastalar orasidagi yo`lakchadan o`tayotganida ikki gaz narida allaqanday sharpa g`imirlaganini payqadi. Tikildi, ko`zi ilg`amadi. Joyiga qaytib cho`k tushdi — boshini tizzasiga solintirib ko`zini yumganicha sukutga ketdi. Har kungi odatiga binoan, mo`ysafid xayollarining jilovini bo`shatdi... «Hademay, tong otadi, olam nurga to`ladi... Odamlar uyg`onadi, bozor uyg`onadi... tim darvozasi lang ochiladi, g`ala-g`ovur boshlanadi... tumonat toshib-shoshib oqib kiradi, oqib chiqadi... sotuvchi keladi, xaridor keladi, bekorchi keladi... chumoli bo`lib keladi... chumoli bo`lib chiqadi... oyoqlar tinmaydi, qo`llar tinmaydi, og`izlar tinmaydi... kiraveradi-chiqaveradi, kiraveradi-chiqaveradi... olayotgan pulim deydi, sotayotgan molim deydi... tirikchilik bani basharning tumshug`idan jilov o`tkazib etovga soladi... «bozor» deya atalmish tovaga solib aylantiradi, aylantiraveradi... qumursqa tutganini changallaydi, tutganini iniga ta-shiydi, tashiyveradi... olish-sotish, olish-sotish, olish-sotish... qo`lga, tilga ilnngan nima narsa borki, sotiladi... yo, alhazar, Axuramazda!.. Ojizlar olovga muhtoj, Axuramazda!.. Zardusht bobo cho`yandek og`irlashgan qovoqlarini arang ko`tardi, yonboshida turgan qopga qo`l suqib bir kaft mayiz oldi, uni hovuchidan hovuchiga shopirib o`tirdi-o`tirdi-da, yuz bir uqubatda qo`zg`aldi. U er-bu erda g`imirlay boshlaganlar sharpasini ilg`ab, «Yaxshilar toblansinlar... Yaxshilar poklansinlar», deb iltijo qildi va rasta oldiga aylanib o`tayotib ikki ustun narida... — Yopiray! — deb yubordi shoshganidan. U turgan joyida qotib qoldi, irodasini jamlashga urinib ko`zini pirpiratdi — bo`lmadi. — O`zing madad ber, Axuramazda!.. — dedi pichirlab. — Ne jondorga ro`para qilyapsan, Axuramazda?! Bobo bo`y-basti bir qarich chiqmaydigan ajabtovur bir maxluqni ko`rib xuddi irkit narsaga ko`zi tushib, nigohi bulg`anganday birdan seskangan va ko`ngliga xatarli bir ko`laga soya solgan edi, nafasi bo`g`ziga tiqilib ovozi chiqmay qoldi. — Jajman!.. Timga Jajman oraladi, yaxshilar! – deya oldi bazo`r. Zardusht boboning nazarida otimdoshlari hoziroq oyoqqa turadiyu anov maxluqni tutib tilka-pora qiladigandek, supurib-supirib timdan chiqarib tashlaydigandek edi, lekin timning burchak-burchaklariga urilib-qaldirab qaytgan boboning ovozi hech kimning qulog`iga kirmadi. Bobo hushini yig`ib ovozining boricha hayqirmoqchi — odamlarni halokatdan boxabar qilmoqchi edi — shu choq maxluqning qilig`iga ko`zi tushdi-yu, ang-tang bo`lib qoldi — bobo inson zotining ko`zi ko`rib, qulog`i eshitmagan hodisaning shohidi bo`layotgan edi. Maxluq rasta ustidagi mayiz yoniga obdan no`k tushib olgancha lagandagi oshga qo`l cho`zayotgandek bemalol mayizdan tushirar, damodam qornidagi qopchig`iga bir kaft-ikki kaft tashlab ham qo`yardi. Bobo hiyla mahal maxluqni kuzatdi, uning qo`li-og`zi tinmas, lekin hali-veri to`yadiganga ham o`xshamas edi. Uning qandoq qilib birovning mayizini tortinmay-netmay paqqos tushirayotganidan bobo hayronu lol bo`lganicha, ko`zlariga ishonmas, xayolida esa: «Bu qanday maxluq o`zi? Bu qanday maxluq?», degan savol charx urardi. Bobo xayolga chalg`ib, maxluq qachon va qanday qilib erga tushganini payqamay qoldi, faqat uning sakrab-irg`ishlab darvoza tomon borayotganini ko`rgachgina, hushini yig`di. Bobo shundagina bu g`aroyib jondorning basharasini aniq-tiniq ko`rdi — maxluqning ko`zi, qulog`i, tumshug`i dam sichqonnikiga, dam tulkinikiga o`xshab, tinimsiz tovlanar edi... «Olmaxon-ku!», deb yubordi ichida bobo va shu zahoti boshini chayqab «Tulkiminan sichqondan tarqagan ko`rinadi», degan xayolga bordi, birpas jim qolgach esa, «Qorni kenguruniki...», dedi pichirlab, lekin maxluq qaddini rostlab ikki oyoqlab borayotganini ko`rib, «Yo odamdan tarqaganmikan?!», deb o`yladi va beixtiyor shak keltirib qo`ygandek shoshib yoqasiga tupladi... Oradan allaqancha kun o`tdi, qoq peshin chog`i turshakfurushlar qatorida qiy-chuv ko`tarildi. Olomon guvillab o`sha yoqqa yopirildi. Yopirilgani sayin bitta-yarimta «Nima?», «Nima o`zi?», «Tavba-a!», degan uzuq-yuluq tovushlar eshitilib turdi-da, birdan g`ala-g`ovur tindi. — Tutamiz, tutamiz! — deb baqirdi pistafurushlardan biri hovliqib. — Tegma, tegmay tur! Ko`raylik-chi! — deb uni shashtidan qaytardi turshakfurush chol. — Hay, nima o`zi bu? — deb chiyilladi qora choponli mo`ysafid. — Sichqonmi? — Odam-ku? Hangomatalab olomon vah-xaholab timni boshiga ko`tardi. — Jim! Cho`chitib yuborasizlar! Shu payt maxluq hurkib, qochish payiga tushdimi, qora choponli mo`ysafid «Qochmoqchi!.. Qochmoqchi!», dedi battar chiyillab. Olomon orasida g`ovur ko`tarildi, to`rt-besh kishi yoqalashib gurPaylashayotgandek emaklay, yumalay ketdi — to`s-to`polon qo`pdi, qo`pdiyu zumda hamma hovuridan tushdi. — Qochdi! Qochdi! — degan nidolar ko`paydi. — Qo`ling tegdi-ku! Shuni tutolmading-a! — dedi birovi o`dag`aylab. — Qayoqqa g`oyib bo`ldi? Qayoqqa? — dedi yanayam hovliqib yong`oqfurushlardan biri. To`dadagilar alang-jalanglab maxluq qochgan tomonni bilolmay garangsib qoldi. Ola-g`ovur pasayib, har kim joy-joyiga qaytayotganda «Tutamiz, tutamiz!», deb baqirgan pistasrurush qo`li maxluqqa tekkan kishiga yonbosh kelib, shipshidi: — Shu qo`l bilan odamlarga bodom sotasanmi endi? Qo`ling harom bo`ldi-ku!.. Bodomfurush bu gapga ishonishini ham, ishonmasligini ham bilmay pistafurushga angraydi-yu, qo`rqqanidan afti qiyshayib ketdi. Uning ahvolini kuzatib turgan Zardusht bobo yuragi uvishib boshini tebratganicha lab juftladi, lekin hech narsa demadi... Timdagilarga gap topildi. Yotgan ham, turgan ham o`sha maxluqdan hangoma qiladigan bo`ldi. — Xo`-o`p g`alati narsa ekan-a? — deydi birovi. — Biron yomonlikning alomati bo`lmasin-da, ishqilib, — deydi boshqasi yurak yutib. — Yomonlik ham gapmi, biron balo-qazoning urug`i bo`lmasin tag`in! — deydi vahimachisi. — Ol-a! Shu zig`ircha narsa boshlab kegan balo-qazo nima bo`lardi!.. Bu — bizga bir ermak-ku, ha-ha-ha! — deb hammaning ko`nglidagi shubha-gumonni haydab chiqardi dali-g`ulisi. Hangomaga xaridorlar ham aralasha boshladi. — Nonvoyxonada ham g`alati maxluq paydo bo`lganmish! — deb gap topib keldi ulardan biri. — Qandolatchilar rastasiga burnog`i yil oralagan, nimaykanini hech zog` bilmaydi! — Erta-indin butun bozorga tarqalarmish!.. Bunday uzuq-yuluq xabarlarni eshitgan Zardusht bobo ma`yus tortdi. Axurazmadaga imon keltirdi. «Nahotki butun bozorga tarqasa...» deb xavotirda o`tirganida tim ichida Ota yong`oqfurushning ovozi jarangladi: — Eshitmadim demanglar! Maxluqning nomi — Jajman! Jajman!.. Eshitmadim demanglar!.. Zardusht bobo badani uvishib turgan ekanmi, seskandi. Ota yong`oqfurush jar solayotgan nomni qadimda allaqayda eshitganini, eshitgan emas, noma`lum jondorii ho-ov birinchi bor ko`rganida o`zi beixtiyor, «Jajman!.. Timga Jajman oraladi, yaxshilar!», deb yuborganini esladi... Bobo og`ir sukutga cho`mdi... «Axuramazda ayon qilibdi... Yaxshilar voqif bo`libdi», dedi u tin olib... Yaxshilik ilohining haqqiga shukronalar bag`ishladi... Bu yoqda turshakfurush tepasidagi mojaro davom etardi. — Manashi sichqonbashara bilan kelishaylik. Eganicha esin, angishvonaday qorniga dunyoni yutvormas!.. To`g`ri, kissaga tushgani yaxshimas. Ko`sa mayizfurushning ezmalanishidan So`zamol yong`oqfurush tutaqdi: — Sizminan biz «yaxshi-yaxshimas» deb o`yimizga etguncha Jajman timni emas, bozorni eb bitiradi! — dedi u jerkib. So`ng sal hovuridan tushib, ovozini pasaytirdi: — To`g`ri, ilgari ko`zimizga ko`rinmagan, u bir siqim-ikki siqim mayiz-turshak egani bilan kamayib qolmasdik, «esa ebdi-da», dedik. Indamadik. Keyin sezib-sezmay erkatoyimizga aylantirdik... Zardusht boboning yuziga mayin tabassum yugurdi. Jajman sekin-asta timdagilar bilan apoq-chapoq bo`lib ketgan davrlarni esladi. … Maxluq ko`rindi deguncha «Ma, Jajman, ma!», deb unga mayiz, pista, yong`oq tashlaydiganlar chiqdi. Jajman hech kimdan tap tortmas, xash-pash deguncha «xayr-sadaqa»ni eb xaltasiga solib bitirar, turshakni goh danagi bilan yutib yuborar, goh qarsillatib chaqib, mag`izini chapillatib chaynar edi. Uning zig`irdek qo`li, barmoqlari, zig`irdek tumshug`iyu sichqonnikidek og`ziga, mog`or tusidagi mitti ko`zlariga qarab... bozorchilar kulgani kulgan edi, bora-bora uning eb-to`ymasligidan, ochofatligidan yumalab-yumalab kulib, vaqtichog`lik qiladigan bo`ldilar. «Uni men to`ydiraman! Yo`q, qorni yorilib ketguncha men boqaman uni!», deb bahs boylaydiganlar chiqdi, lekin har safar «To`ydiraman!», deb katta ketganlar chuv tushaverdi, Jajmaning eb-to`ymasligi sirligicha qolaverdi... Keyinroq Jajman birov chaqirmasa ham erdan yorib chiqqandek paydo bo`lishni, rastaga uyulgan meva qoqisidan bemalol paqqos tushirishni odat qildi. Timdagilar bunga ham ko`nikdi, so`ng... o`sha kezlar, kim edi-ya, ha-ya, anavi So`zamol yong`oqfurushning bobosi Bobo yong`oqfurush Jajmanni «Yo`qol-e!», deb quvib soldi. Qopdagi yong`oqni qarsillatib chaqayotgan deb pichirladi, yana, yana... va to`satdan tim ichini: «O`ldiramiz!» degan xitobu da`vat tutdi. Bunday jazoni kutmagan bitta-yarimta ...furushlar demasa, timdagilarning bari oyoqqa qalqdi. G`ovur-g`uvur zo`raydi. Kutilmaganda izdihomdan chekkada – rasta ustida xoli o`tirgan choponli jiydafurushning zalvorli, do`rildoq ovozi qo`zg`olganlarni joyida to`xtatdi. — Hoy, yaxshilar, loaqal bobomizdan oq fotiha olishni unutmanglar... Shovqin o`sha zahoti tindi, oyoqqa qalqqan izdihom Zardusht bobo tomon o`girildi. So`zamol yong`oqfurush to`da oldiga o`tib, bobodan ijozat so`rab, savolomuz termildi. Bobo ko`zlarini qisib unga tikildi, so`ng hududsiz osmonga ko`z yugurtirmoqchidek boshini vazmin ko`tarib, odamlarning boshi uzra to`g`riga — tim odog`i tomon nigoh soldi. Churq etgan sas eshitilmas, jamoat nafas olmay, boboning og`zini poylayotgan edi. Bobo ro`parasida ilhaq turgan fuqaro dardida Axuramazdaning o`zidan madad so`ramoqqa lab juftladi, lafz aytishga ulgurmay, tim odog`idagi devor ortidan... zorlangannamo gursillagan shovqin chalindi qulog`iga. Olomon uning fatvosiga ilhaq, bobo esa biron kimsa payqamayotgan bir sirli-sinoatli nola qaydan kelayotganini bilolmay garangsib sukutga cho`mgan edi... Shu choq Zardusht boboning o`siq qoshlari panohidagi nursiz ko`zlari ilkis charaqlab ketdi, bobo boshini yonboshga enkaytirib, ustun ortiga mo`raladi. O`sha tomondan «Mana! Mana!», degan shovqin ko`tarildi. Tim ichi alg`ov-dalg`ov bo`lib ketdi. To`s-to`polon qo`pdi. Zardusht bobo ro`parasida hech zog` qolmadi. «Mana! Mana!», deb hayqirgan kishi shekilli, ikki qator rasta o`rtasidagi yalanglikka yugurib chiqdi-da, «Ana! Anavi qopdan oldi! Oldi!», deya qo`lini bigiz qilib ko`rsatgancha tisarilaverdi. Yordamga oshiqqanlar u kishi ko`rsatgan qop tepasiga etib bordilar — qop og`zi ochiq edi. Qop-qanorning yon-veriga tumshuq suqayotgan uch-to`rt choqli kishining birovi, «Ana, ur!», degancha o`zini rasta ustiga tashladi. Zardusht bobo shundagina Jajmanni ko`rdi, maxluq rastaga to`shalgan o`rin ustida kavagidan bosh chiqarib atrofga quloq solayotgan ko`rsichqondek alangladi-da, lip etib yana g`oyib bo`ldi. Quv-quvchilar ko`paydi: kimdir emaklab rasta ostiga o`rmalab kirib ketdi, kimdir qop-qanorni surib-yiqitishga tushdi, uch-to`rttasi qo`liga yarimta-yurimta g`isht parchasini tutgancha alang-jalang xezlandi. «Jajman qo`lga tushsa kerak», deb o`yladi Zardusht bobo, o`yladiyu shu zahoti fikridan qaytdi: «Bir hamlada qo`lga tushadigan bo`lsa, shu choqqacha jon saqlab yurolmasdi. Boboning keyingi farazi to`g`ri keldi: harchand quv-quvga qaramay, Jajman qo`lga tushmadi. U son-sanoqsiz olomon tajovuziga parvo qilmay, goh u, goh bu rasta ustida paydo bo`lar, mayizmi, bodommi, yong`oq yo turshaknimi — birdek ishtaha bilan mitti yuxodek eb, qopchig`iga tiqishtirardi. Pista uyumini sovurayotganida mushtdek g`isht parchasi uchib kelib pistani tuproqdek to`zitib yubordi. Jajman shunda ham talvasaga tushmay, g`oyib bo`ldi.

Darvoza turumi sharaqlab xaridorlar kira boshladi hamki, quv-quv to`xtamadi: semizu oriq, yoshu keksa holdan toydi. Juvon mayizini, turshakfurush pu-lini o`g`irlatganini unutdi. — G`ishtni kim otgandi? — so`radi hars-hars nafas olayotgan shop mo`ylovli kishi. — Men! — dedi puchuq mag`izfurush gerdayib, so`ng afsuslanib qo`shib qo`ydi: — Mo`ljaldan sal xato ketdi-da!.. Zardusht bobo timdoshlarining bolakaylardek suxanbozligidan kulgisi qistab, qo`llarini orqasiga qilganicha joyiga qaytdi, qaytayotib tim odog`iga orqa o`girib turgan bo`lsa-da, yana gursillagan shovqinni eshitdi. Erga qoqilgandek tek turib butun vujudi quloq bo`lib tingladi: gurs... gurs... gurs... Boboga er osti gursillayotgandek tuyuldi, beixtiyor oyoq ostiga razm soldi, quloq osdi... yo`q, gursillayotgan — odoqdagi tim devori ekanligi aniq edi... Bobo joyiga o`tib o`tirayotib, «Darvozani ocha qolinglar» degan ma`noda qo`shni mayizfurushga qaradi. Darvoza ochildiyu tim ichi xaridorga to`ldi: g`ala-g`ovur, savdolashishlar, talashib-tortishishlar boshlandi... Zardusht bobo timdoshlariga ko`z yugurtirdi, ular go`yo hayotlarida unutilmas quvonchli voqea yuz bergandek dimoqlari chog`, ruhlari tetik edi... Ertalabki hodisa bir qancha kungacha og`izdan tushmadi: — Jajman qaytib qorasini ko`rsatmaydi! — dedi pistafurushlar. — O`takasi yorilib o`ldi, qanor-panorning ostidan o`ligi chiqadi endi! — dedi yonog`oqfurushlar xaholab. — Zora qutilgan bo`lsak... — dedi jiydafurushlar umid bog`lab. Zardusht bobo esa miyig`ida kuldi, uning nazarida Jajmanning mavjudligi kunu tunning almashinishidek muqarrar edi. U faqat bir narsadan tashvishda, «Jajman yolg`izmi, yo uning urug`i ko`pmikan?.. Yoxud, hammayoqni Jajman bosib ketsa qandoq qiladi odamlar?», degan o`yning oxiriga etolmasdi. Bunga ham boboning o`zi javob topdi... Saharda odatdagidan picha erta uyg`ondi, uyg`ondiyu keyingi kunlarda kamuyqu bo`lib borayotgani, uxlash orom emas — azobga aylanayotgani mulohazasini qildi... Odamzod muzlik saltanatiga bandi bo`lmas ekan, u — hayot... «Axuramazda, o`zing madadkorsan!.. — deb shivirladi bobo astoydil. — Ixtiyor o`zingda, Axuramazda!..» Bobo o`i og`ushida o`rnidan turdi, tashqariga yo`nalgan joyida Jajmanga ko`zi tushdi. U paxtali kamzulini elkasiga omonat tashlab yotgan mayizfurushning ro`parasida chordona qurib o`tirib olgan, lagandagi oshga qo`l cho`zgandek bemalol uning qo`ynini kavlashtirayotgan edi. Mast uyquda yotgan mayizfurush, qitig`i keldimi, g`imirladi, ko`zini qattiqroq yumdi, maxluq esa zig`irdekkina changalida paydo bo`lgan pulni boshi uzra ko`tarib, bobosidan obakidandon undirgan bolakaydek sakrab-irg`ishlab, lekin suvarakdek sassiz-shovqinsiz yugurib darvoza yoniga keldi. Bobo hushini yig`ib ulgurmay Jajman devorga suyab taxlangan qoplarga tarmashib yuqoriga zipillab chiqib ketdi. Darvoza tepasiga etganida o`sha erdagi devor tuynugidan har biri sandaldek-sandaldek qo`shaloq hovuch paydo bo`ldi. Jajman qopchig`ini ko`tarib hovuchga ag`dardi, ustidan changalidagi pulni tashladi, hovuchlar shu zahoti ko`zdan yo`qoldi. Jajman g`izillab pastga tushdi... Bobo ko`z o`ngida sodir bo`lgan voqeani xiyla fursatgacha idrok etolmadi — manglayida o`lim sharpasi elib o`tganday yuragi orqaga tortdi... bahaybat hovuchlar, he-e, allazamonlarda — bolalik ko`zlari tushida ko`rgan, Otash momosini olib qochgan hovuchlarning o`zginasi edi... «Odamlar, voqif bo`lingiz... poyloqchilik qilingiz. Jajmanni qo`lga tushiringiz», degisi keldi. Zardusht bobo baralla, «Jajman!.. Jajmanni tutingiz, yaxshilar!», deb hayqirganini, ammo hayqirig`ini timdoshlaridan hech kimsa eshitmaganini esladi — «ularning dilini o`zing nurafshon etgaysan, Axuramazda!», dedi... Zardusht boboning nolalari besamar ketmadi — quv-quv avjga mingani sayin Jajman holdan toya boshladi, endi u bemaloldan-bemalol nishxo`rlik qilmas, bir cho`qib, o`n alanglar, sichqondek quv, olmaxondek epchil bo`lib qolgan, nafsi hakkalak otganidan kun-tunning farqiga bormay qo`ygandi.

U to`ppa-to`satdan biror rasta ustida paydo bo`lar, sotuvchi yo xaridorlarning hay-haylab ayuhannos solishiga qaramay, er kavlayotgan yumronqoziqdek ikki qo`llab qopchig`ini to`ldirar va odamlar es-hushini o`nglagunicha qochib ulgurardi. «Hovuchlarni to`ldirolmay joni halak!», degan o`y kechdi Zardusht boboning ko`nglidan... So`l qator rastadagilar har erga kalamush qopqon qo`ydilar, uni ko`rgan o`ng qator rastadagilar, «Jajman qopqonga tushmaydi», degan xayolda teshik-tuynuk borki, sim to`r qoqib tashladilar. Bozor egalari yuborgan oq xalatli xaloskorlar kuni bo`yi savdoni to`xtatib qo`ydi, sotuvchiyu xaridorlarni tashqariga haydab, tim ichini qo`lansa isga to`ldirdi. «O`n yilgacha Jajmanning qadami uziladi endi!», degan ovozalar tarqaldi, uch-to`rt kungacha odamlar og`iz-burnini yopib jon saqladi. Jajman esa... timdagi bexalovatliklarning o`ziga daxli yo`qdek o`sha-o`sha — kechani kecha, kunduzni kunduz demay o`marishdan toliqmasdi, eldek paydo bo`lib, birovlar qo`lidagi pulni yulqib qochar, uning izidan ushla-ushla, ur-sur boshlanar, natija esa hamishadagidek: Jajman osongina qutulib ketardi... — Sim to`rning katagidan sirg`alib o`tdi-ya! — deydi birovi. — O`z ko`zimminan ko`rdim! — deydi uning gapini tasdiqlab boshqasi, — xamirday cho`zildiyu zulukday sirg`alib o`tdi-ketdi!.. — Qo`lim qopchig`iga tushib yirtvoray dedi-ya, attang! — deydi yana birovi hovliqib. — Kimda-kim qo`lga tushirsa, beminnat hadya bor! – deb qoldi So`zamol-yong`oqfurush. — Beminnat hadya!.. — Mukofot!.. Mukofot!.. Og`izdan og`izga ko`chayotgan bu xitobu hayqiriqlar orasidan Zardusht bobo qulog`iga gursillagan tovush hiyla balandroq, aniqroq eshitila boshladi. «Vaqti-soati yaqin...», dedi pichirlab bobo. Va rastasi ustida Jajmanni ko`rib, soqoli asabiy titradi... Jajman sara soyaki mayizdan bir kaft olib og`ziga tashladi, shimdi... Bobo uning guruchdek mayda, sadafdek tekis tishlarini aniq-tiniq ko`rayotganidan ko`ziga ishonmasa-da, jondorni qiziqib bosh-oyoq kuzatdi. — Jajman o`lar holatda oriq, qo`l-oyog`i gugurt cho`pidek qiltiriq, faqat u chunonam shiddat bilan harakat qilar, hash-pash deguncha mayiz uyumining biqinini o`pirib tashlagan edi. «Eganingcha eyaver-chi...» dedi bobo shivirlab. Jajmanni cho`chitib yubormaslik uchun, so`ng maxluq jon holatda qopchig`ini to`ldirishga tushganini ko`rib beixtiyor kulimsiradi, «Nafsing buzilgani, kuning bitganidanmikan?..», deb so`radi. Jajman boboni mazax qilgandek tirjaydi, aslida u talvasaga tushgan — behad oshiqayotgan edi... Bobo kuni bo`yi saralagan mayiziga achinmay qo`ygandek edi hamki, rastaning old tomonidan pusib kelgan yon qo`shnisi sapchib qad rostladi-yu, «Ho`, otangni!..», deganicha o`zini mayiz aralash Jajmanning ustiga tashladi, yana ikki davangirdek mayizfurush uning ustidan yopirildi. « Jajmanning abjag`i chiqdi!», o`yladi bobo. — Qochdi! — dedi bo`shashib qo`shnisi. — Qandoq qochdi?.. — Qayoqqa qochdi?! Jajmanning ustiga tashlangan mayizfurushlar shunday deb yon-veriga alanglay ketdi. Qo`shni mayizfurush ko`zlarini olaytirib boboga yuzlandi: — Ko`rdizmi? Ayting, qayoqqa yo`qoldi?! — deb so`radi u bo`g`ilib. Zardusht bobo miyig`ida kulimsirab turaverdi. — Gapirsangiz-chi, qayoqqa yo`qoldi?! — dedi azbaroyi jon-fig`oni chiqqanidan o`shqirib qo`shnisi. Bobo avzoini buzmadi, qomatini adl tutib, ro`parasida to`dalanganlarga so`zsiz qarab turaverdi. To`da kattalashdi. Qo`shni mayizfurush boboning betiga ortiq tik qarolmay, ko`zini olib qochganda, uning yonida paydo bo`lgan pistafurush g`azabini yashirolmay o`dag`ayladi: — Baribir tutamiz!.. Siz ko`maklashmasangiz ham bu ablahning urug`ini qurutamiz!.. «Haroratingni darig` tutma, Axuramazda!.. Ko`ngillarni o`zing munavvar qilgaysan...», dedi Zardusht bobo ichida iltijo qilib. Uning ko`ksidagi tavalloni tim odog`idagi devorning gursillashi bosib tushdi. Mana, mana, hozir jamiki odamzod qulog`ini ding qiladi, oldi-sotdi, ivir-shivirni bas qiladi, yoshu keksa tim odog`i tomon yuz o`girdi.... 

G`azabga mingan pistafurushning to`satdan yaltoqlanishi uning xayolini chalg`itdi: — Hammasini ko`rib turibsiz, aytsangiz bo`lmaydimi, bobo?! Qandoq qilsak tutamiz u bachchag`arni!.. Yo`qotaylik, qutulaylik, xotirjam yashaylik axir!.. U hali-zamon gapdan to`xtaydiganga o`xshamas edi, shu choq qarama-qarshi tomonda chelakning qattiq sharaqlagani eshitildi, kimdir: «Ushladim!», deb qichqirdi — olomon guvillab o`sha yoqqa ko`chdi. Ko`ngli bir g`ashlikni tuygan bobo joyidan qo`zg`almadi. Olomon yopirilgan tomonda g`ala-g`ovur avjiga mindi. Hamma yoqni: «Kim?.. Kim ushladi?», degan ovozlar tutdi. — Men!.. Men tutdim!.. Bopladim!.. — dedi kimdir mamnun va quvonchdan o`takasi yorilguday bo`lib. Olomon Jajmanni qo`lga tushirish baxti nasib etgan kimsani ko`rish umidida oldinga surildi. «O`ldiramiz!..», «Men ham urib qolay!» degan xitoblar, baqiriq-chaqiriqlar quloqni qomatga keltirdi. Va tuyqus sukunat cho`kib, So`zamol yong`oqfurushning hayajonlangan, g`olibona ovozi eshitildi. U rastaning ustiga chiqib olgan, xuddi bayramona nutq irod qiladigandek, qaychilangan xushbichim mo`ylabini silab-silab qo`yib so`ylar edi: — Gap bitta — Jajman o`limga mahkum! Vassalom! Olomon guvillab uning hukmini ma`qulladi. Yong`oqfurush yigit xuddi tuya so`ymoqchidek hafsala bilan englarini shimardi, chelak ustiga engashdi, to`dalashganlar davra yasab, uni o`rtaga oldilar. Kim qadoq tosh, kim g`isht parchasi, kim so`yil tutgan — hamma shay edi. So`zamol yong`oqfurush chelak ostiga qo`l suqdi — yig`ilganlarning ko`zi olma-kesak terar, qasos chog`i etganidan nafrat hammaning ko`ziga, qo`liga ko`chgan edi — chelak sharaqlab ag`darildi-yu, yong`oqfurush yigit cho`g` ushlab olgandek qo`lini siltab tortdi. — Tishladi! — dedi u jon holatda baqirib. Chelak ostidan chiqib olgan Jajman qochishga chog`lanib ulgurmay, uchi ayri so`yil uni erga qapishtirib qo`ydi. Buni ko`rganlar «O`ldi-i!», deb ulgurmay, Jajman ayri ostidan sirg`alib chikdi, bir silkindiyu o`zini oyoqlar orasiga urdi — o`tolmay orqasiga qaytdi, qaytgan joyida boshiga mushtdek qadoq tosh tushdi — Jajman yiqilib, erga cho`zildi, «O`ldi!.. O`ldi!..» deb yubordi olomon. Lekin Jajmanga jin ham urmagandi, u yana oyoqqa turdi, qo`lchalari bilan qopchig`ining og`zini tutganicha dikirlab oldingi qatorda turganlardan birining elkasiga sakrab chiqdi — qiy-chuv ko`tarildi. Jajman lip etib, dikirlab boshdan boshga, elkadan elkaga o`ta-o`ta borib nima bo`ldiyu yana oyoqlar ostiga — to`da orasiga tushib qoldi. Kimdir uni qattiq tepdi. Jajman erdan ikki quloch ko`tarilib, erga chalpakdek bo`lib tushdi, tushdiyu boyagi uchi ayri so`yil uni yana erga qapishtirdi... «Bos! Bos!», deb hayqirdi olomon gurillab, biroq so`yilning uchi xuddi muz ustida toyib ketgandek surildi. Jajman ayri ostidan sirg`alib chikdi, chiqdiyu qaddini rostlay olmadi — chamasi ayrining zarbidan uning beli mayishib ketgan edi. — O`zing ogoh bo`l, Axuramazda! — deb ko`zlarini yumdi Zardusht bobo. — O`zing ogoh bo`l!.. Tim odog`i tomonidan eshitilayotgan zorlanuvchi, yolboruvchan gursillash do`q-iddaoga aylanib, boboning shivirini, unga qo`shib olomonning shovqinini bosib tushdi. Zardusht boboning ko`ngli og`ir noxushlikni sezib, ko`z oldi qorong`ulashdi, miyasi g`uvilladi... tim shiftiga qapishgan uchboshli Axriman ko`zlaridan sovuq bulut purkab Axuramazda ustiga tashlandi. Axuramazda oyoqda turolmay, yonboshiga ag`darildi, ag`darilayotgan joyida og`zini o`radek ochgan Axrimanning basharasiga o`t purkadi, Axriman sapchib shiftga ko`tarildi. Axuramazda qaddini rostlay deganda Axrimanning og`zidan purkalgan bulutlar orasidan bir, ikki, yana, yana Jajmanlar dikirlab chiqib kela boshladi. Axuramazda ularga ham olov purkadi. Jajmanlar kuymadi, Axuramazda o`t-otashga dosh beradigan jondorni ko`rmagan edi — bosib-bosib olov purkadi — Jajmanlar alangai otashda yayrab-yayrab huzur qilayotgandek irg`ishlar, bu etmaganday, Axuramazdaning elkasiga, boshiga chiqib tushar, tinimsiz qandaydir tovush chiqarar edi. Shiftga qapishgan uch boshli Axriman olamni boshiga ko`tarib xaholadi...

— Ogoh bo`l, ogoh, Axuramazda! — deb ko`zlarini battar yumdi Zardusht bobo turgan joyidan qimirlamay. — Axriman o`lmagan, Axuramazda!.. Ogoh bo`lgaysizlar, yaxshilar, ogoh!.. Axura... Bobo ezgulik tangrisining nomini aytib ulgurmay, osmono`par qoyatosh ag`darilgandek nimadir beo`xshov gumbirladi, shuning barobarida olomon orasidan otilib chiqqan ayanchli chinqiriq quloqqa nayzadek qadaldi, keyinidan, «Qochdi!.. Qochdi!..», degan shovqin ko`tarildiyu taloto`p qo`pdi — o`n chog`li kishi ustma-ust erga tashlandi. Chalajon Jajman shunda ham taslim bo`lmasdi: devdek-devdek beso`naqay odamlar ostida erga chaplashgudek cho`zilar, odamlar engil nafas olgan zahoti dik etib qaddini rostlar — qochishga chog`lanar — yana izdihom poyi ostida qolardi... Nafasi bo`g`ziga tiqilib, toliqqanlar taloto`pdan uzilib, orqada sudralar, ular o`rnini boshqalar egallar — Jajmanga tinimsiz, beayov kaltak-musht yog`dirar — Jajman har safar o`zini o`nglab olar, xuddi kaltak ostida qolganini sezmagandek, hamon ko`zlari olma-kesak terar — aftidan qo`liga ilinadigan narsa qidirar — shunday bo`lsa-da, uning holdan toyayotgani, yurishlari tobora sustlashayotgani, qaddini tutolmayotgani sezilayotgan — olomon zo`r kelayotgan edi... Va nihoyat!.. Nihoyat... birdan ur-sur to`xtadi, «hoyu-hay-hay»lar tinchdi, tim ichiga suv quygandek jimlik cho`kdi... U er-bu erda yumalab, emaklab Jajmanni do`pposlaganlar birin-sirin oyoqqa turdi va... So`zamol yong`oqfurush Jajmanning kalta dumidan tutib chalajon tanani boshi uzra ko`tardi. — Hu-u, to`ng`iz qo`pgur! — deb yubordi kimdir. — O`lgani rost bo`lsin-a!— dedi yana birov sevinib. — Bir tomchi qoni chiqmadi-ya, tavba-a!.. — Xudo adashib yaratib qo`ygan bu bachchag`ardi, qon hayf unga!.. Olomon orasida kulgi ko`tarildi. Tekinxo`r balosidan qutilgan alamzadalar quchoqlashgan, o`pishgan, yig`lagan... quyosh bu kun timning ichidan ko`kka ko`tarilayotgan edi... Yong`oqfurush yigit maxluqning jasadini ko`tarib turganicha timdoshlariga qarata yana so`z aytdi: — Yomonning kuni bitdi, birodarlar!.. Jajmanning qopchig`idan qolgan-qutgan mayiz, pista qoldiqlari to`kildi. Olomon uni ko`rib kulib yubordi, biroq shu payt... Jajman tilga kirdi: — Lo... kila!.. Lokil...la!.. So`zamol yong`oqfurush cho`chib Jajmanning jonsiz tanasini irg`itib yubordi, sakrab o`zini orqaga tashladi, hangu mang bo`lgan olomon shamdek qotdi. Tim ichi shunchalik jimjit bo`lib qoldiki, azboroyi, Jajman jon berayotib bazo`r takrorlagan bir og`iz so`z hamon havoda taralib eshitilib turardi. Olomon xuddi osmondan odamlarning esini og`dirib qo`yadigan sas yopirilib kelayotgandek, talvasaga tushdi. — Zardusht bobo... — Zardusht... — Bobo... — Zardusht bobo!!!— deb yubordi olomon bir ovozdan iltijo qilib — izdihom ko`chkidek surilib, bobo tomon siljidi. Zardusht boboning esa qulog`i tom bitgan — eshitmas, ro`parasida umidvor tikilib turgan izdihomni ko`zlari ko`rmas — boshini g`oz tutganicha to`g`riga — tim odog`i tomon yuz tutib turardi. Shu payt...shu payt...tim odog`idagi devor tepasidan katta-kichik kesak-guvalalar ko`chib, do`pirlab erga tusha boshladi — tim ichi chang-to`zonga to`ldi... Devorga yaqin turganlar arang o`zini chetga olishga ulgurdi, tumonat bo`ridan hurkkan suruvdek bir burchakka g`uj bo`lib qisildi, olomon ko`zlari ola-kulalashib, tim odog`iga angraydi... Shu ko`zlar, shu nigohlar o`ngida to`zon bosildi, bosildi va devorning tepasida o`raning og`zidek qora tuynuk ko`rindi... qanday hodisa yuz berayotganiga fahmi etmagan olomon hang-mang bo`lganicha qotib turar, biror zot qilt etishga jur`at topolmasdi o`zida... Ana shunda qora tuynukdan bir juft bahaybat hovuch ko`rindi... hovuchlar ichkariga suqilib kirdiyu ulardan hozirgina bazo`r, ming bir azobda o`ldirilgan Jajmanga ikki tomchi suvdek o`xshash boshqa bir Jajman sakrab erga tushdi, faqat u oldingisidan hiyla durkunroq — bo`yi ikki qarich edi…
 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1