AsosiyJamiyat

Hatto endi noqonuniy qum-shag`al olishda foydalanilgan texnika musodara qilinadi

'Hatto endi noqonuniy qum-shag`al olishda foydalanilgan texnika musodara qilinadi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda 17 yanvardagi 14-sonli Prezident Farmoniga asosan 2024 yil 1 maydan boshlab bir necha daryo o`zanlarida noruda materiallarni qazib olishga joriy etilgan muddatsiz moratoriy qizg`in muhokama qilinmoqda.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda E-AUKSION elektron savdo platformasi orqali qum-shag`al aralashmasini qazib olishga ruxsatnoma berilayotgani ham tanqid qilinmoqda.  Ekologiya vazirligi ushbu muhokamalar yuzasidan quyidagilarni ma`lum qiladi:

2024 yil 1 maydan boshlab eng og`ir ekologik vaziyatda bo`lgan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari hududida qum va shag`al qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etildi. Moratoriy davrida ushbu daryolar o`zanlarida qum va shag`al qazib olishga ruxsatnomalar berilmaydi!

Mazkur hududlarda qum-shag`al aralashmasini noqonuniy qazib, moratoriyni buzgan shaxslarga nisbatan tabiatga etkazilgan zarar miqdori 10 baravarga oshirilgan holda qo`llaniladi, shuningdek, ushbu qoidabuzarlikni sodir etishda foydalanilgan texnika musodara qilinadi.

E-AUKSION elektron savdo platformasi orqali qum-shag`al materiallarini qazib olishga ruxsatnomalar berishga kelsak, ushbu amaliyot faqat moratoriy joriy etilmagan hududlarda qo`llaniladi. Shu bilan birga, daryolar o`rniga muqobil tog`li va tog` oldi hududlarida joylashgan alternativ kon uchastkalarida qum-shag`al qazib olish ishlari tashkil etiladi.

Ta`kidlash joizki, keyingi yillarda respublikada qurilish ko`lamining kengayishi natijasida qum-shag`al aralashmasini qazib olishga ehtiyoj keskin oshdi. Biroq ko`pchilik bu ehtiyojni qondirish uchun ertangi kunni o`ylamay, daryo o`zanlaridan qonunga xilof ravishda katta miqdorda qum-shag`al qazib olib, atrof-muhitga tuzatib bo`lmas zarar etkaza boshladi.

Jumladan, 2023 yilda noqonuniy ravishda qum-shag`al qazib olish bilan bog`liq 303 ta holatda 68 milliard so`m jarima qo`llanilgan. Ushbu holatlarning 42 tasi bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Daryo o`zanlarida 1-1,5 metrgacha chuqurlikda qum va shag`al qazishga ruxsat berilgan bo`lsada, 10 metr chuqurlikda qazilishi natijasida daryo o`zani kengligi 400 metrgacha kengayib ketish holatlari kuzatilgan.

Qayd etish kerakki, ayni paytda xalqaro va mahalliy olimlar ishtirokida Chirchiq daryosini qayta tiklash loyihasi ishlab chiqilmoqda.

    Boshqa yangiliklar