AsosiyJamiyat

Dam olish kunlari kuzatiladigan ob-havo ma`lumotlari e`lon qilindi

'Dam olish kunlari kuzatiladigan ob-havo ma`lumotlari e`lon qilindi'ning rasmi

Bugun O`zbekiston viloyatlari sovuq havo massalari ta`siri ostida bo`ladi. Kunning birinchi yarmida qor yog`ishi kuzatiladi, faqat Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog`ingarchiliksiz ob-havo bo`lishi kutilmoqda. Kunduzi harorat +2...+5 daraja iliq, respublika shimolida -5 daraja sovuq kuzatiladi. Bu haqda O`zgidromet xabar bermoqda.

Shanba kuni kunduzi respublikaga Turkmaniston hududlaridan iliq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. O`zbekiston bo`yicha yog`ingarchilik kutilmaydi, faqat kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining ba`zi joylarida yomg`ir yog`adi. Respublikaning ba`zi joylarida shamol tezligi soatiga 15-20 m/s gacha kuchayadi. Harorat kechasi 0...-2 daraja sovuq, ayrim joylarda -5 daraja sovuq bo`ladi. Kunduzi +5...+10 daraja iliq bo`ladi. Respublika shimolida kechasi -6...-11 daraja sovuq, kunduzi -2 daraja sovuq +3 daraja iliq bo`ladi.

Yakshanba kuni asosan yomg`ir ko`rinishidagi yog`ingarchilik respublikaning barcha hududlariga tarqaladi. O`zbekistonning ba`zi joylarida yomg`ir yog`adi, shimolda yog`ingarchilik (yomg`ir, qor) bo`ladi. Harorat kechasi 0...+5 daraja iliqni, kunduzi +8...+13 daraja iliqni, shimolda kechasi -2...-7 daraja sovuqni, kunduzi -2 daraja sovuq +3 daraja iliqni tashkil etadi. Ba`zi joylarga tuman tushishi mumkin.

Ushbu davrda respublikaning tog`li hududlarida vaqti-vaqti bilan qor yog`ishi, 28 yanvarda ba`zi joylarda kuchli bo`lishi kutilmoqda. Toshkent va Namangan viloyatlarining tog`li hududlarida qor ko`chishi xavfi mavjud.

Poytaxtda bugun kunning birinchi yarmida qor yog`adi, tuman tushishi mumkin. Shamol g`arbdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat +3...+5 daraja iliq bo`ladi.

27 yanvarda yog`ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan soatiga 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 0...-2 daraja sovuq, kunduzi +8...+10 daraja iliq bo`ladi.

28 yanvarda yomg`ir yog`ishi kutilmoqda. Sharqiy shamol yo`nalishini o`zgartirib, g`arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +2...+4 daraja iliq, kunduzi +9...+11 daraja iliq bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar