Ijtimoiy tarmoqlarda “Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasining parvozlari kechikishi natijasida ziyoratchilarning aeroportda qolib ketishi va turoperatorlar tomonidan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazishda ziyoratchilarga noqulaylik yuzaga kelganligi haqida xabarlar tarqalgandi. Holat yuzasidan Turizm qo`mitasi izoh berdi.
Unga ko`ra, qo`mita tomonidan mazkur holat o`rganilib, natijasi bo`yicha tegishli qonuniy choralar ko`rilgan. Hozirgi vaqtda, “FAYZ TOUR TRAVEL” MChJ, “MARYaM TRAVEL-AGENCY” MChJ, “MAHBUB TOUR” MChJ, “RAMAZAN TRAVEL SAYoHAT” MChJlar yuzaga kelgan holat bo`yicha qat`iy ogohlantirilgan. “XURMO TRAVEL UMRA” MChJ “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazishga doir lisenziyasiz mazkur faoliyat bilan shug`ullanganligi uchun o`n kun muddatga tashkilotning lisenziyasi to`xtatilgan.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 avgustdagi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” gi 345-sonli qaroriga muvofiq, turistik faoliyatni amalga oshirish lisenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini ko`rsatish faoliyati bo`yicha 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan kam bo`lmagan miqdordagi mablag`larni Turizm qo`mitasining Xavfsiz turizm jamg`armasiga zaxira qilib qo`yish hamda ushbu mablag`larning etarli miqdorini ta`minlab borilishi belgilangan.
Mazkur qarorga muvofiq, tegishli turoperator tomonidan Turizm qo`mitasining Xavfsiz turizm jamg`armasiga zaxira qilib qo`yiladigan 100 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag`lardan uning “Umra” xizmatlarini sifasiz ko`rsatishidan jabr ko`rgan ziyoratchilarga etkazilgan moddiy va ma`naviy zarar o`rnini qoplash uchun sud qaroriga muvofiq foydalanilishi belgilangan.
Shuningdek, “Umra” xizmatlarini ko`rsatish bilan bog`liq faoliyat ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Turizm qo`mitasi o`z rasmiy veb-saytida “Umra” xizmatlarini ko`rsatuvchi turoperatorlar reytingini shakllantirish uchun tegishli axborot modulining ishga tushirilganligi va mahalliy turoperator jamoatchilik tomonidan berilgan ovozlarga ko`ra reytinggi aniqlanmoqda.






