DXX Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi hamda «O`zenergoinspeksiya» xodimlari hamkorligida o`tkazilgan faol tadbirda, Boyovut tumanidagi avtomobillarga gaz to`ldirishga ixtisoslashgan MChJ tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holati aniqlandi.
Bu haqda DXX Matbuot xizmati darakchi.uz'ga xabar berdi.
O`tkazilgan tekshiruv jarayonida mazkur shoxobchada gaz hisoblagich uskunasidan tashqari baypas liniyasi orqali tabiiy gazga ulanib, uni mijozlarga sotib kelinganligi ma`lum bo`ldi.
«O`zenergoinspeksiya»ning dastlabki hisob-kitoblariga ko`ra, tabiiy gaz tarmog`iga o`zboshimchalik bilan ulanib, 41 mln 666 ming m3 gazdan noqonuniy foydalanish natijasida MChJ tomonidan davlat manfaatlariga 62 mlrd 488 mln so`m miqdorida zarar etkazilgan.
Hozirda holat yuzasidan MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






