30 yanvar, dushanba kuni Qozog`istonning Qarag`anda viloyati Buxar-Jirau tumanidagi ikki qavatli turar-joy binolaridan birida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo`lgan. Hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi jami 46 kishi yashab kelgan mazkur turar-joyda portlash vaqtida 35 kishi bo`lganini va vayronalar tagidan 7 kishi chiqarib olinganini ma`lum qildi.
Hodisada ikki kishi halok bo`lgan. Qutqarib qolinganlar orasida 3 nafar voyaga etmagan bolalar bo`lgan.
Portlash oqibatida binoning taxminan 300 kv.m maydoni – devorlari, tom va shift to`liq qulab tushgan.
O`zbekistonning Qozog`istondagi elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, portlashdan jabrlanganlar orasida O`zbekiston fuqarolari ham bor va ular og`ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.
Jabrlanganlar – 1989 yilda tug`ilgan R.Xoldarovning tanasi 80 foiz, 1987 yilda tug`ilgan N.Hakimovning tanasi 35 foizi kuyish, shuningdek, bosh miyaning yopiq shikastlanishi, umurtqaning yopiq sinishi kabi jarohatlarni olgan.
Ayni paytda Elchixona holatni nazoratga olgan va Qarag`anda viloyati polisiyasi va Favqulodda vaziyatlar bo`limlari bilan aloqa o`rnatgan.






