Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O`RQ-905-son, 07.02.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi.
Unga ko`ra, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ko`rib chiqqanlik yoki davlat ro`yxatidan o`tkazganlik uchun davlat boji, yig`imlar yoki boshqa to`lovlar to`langanligi haqidagi to`lov hujjatlarining ko`chirma nusxalarini taqdim etish to`g`risidagi talab bekor qilindi.
Shuningdek, “Ommaviy axborot vositalari to`g`risida”gi qonunga kiritilgan o`zgartirishga ko`ra, OAVni ro`yxatdan o`tkazish haqidagi arizani ro`yxatdan o`tkazuvchi organ tomonidan ko`rib chiqish muddati 15 kundan 10 kunga kamaytirildi.
“Advokatura to`g`risida”gi qonunga kiritilgan o`zgartirishga ko`ra, advokatga guvohnoma berish muddati 2 ish kuni etib belgilandi. (Ilgari 3 ish kuni edi)
Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






