Bir oyda 995 ta iste`molchi tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi natijasida tizimga 94 mlrd 542 mln so`m zarar etkazilganligi aniqlandi. Bu haqda "O`zenergoinspeksiya" matbuot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning yanvar oyida Energetika vazirligi huzuridagi "«O`zenergoinspeksiya" ishtirokida Bosh prokuratura hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, elektr va gaz ta`minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda o`tkazilgan nazorat tadbirlarida 995 ta iste`molchi tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Unga ko`ra 20 mln 486 ming kVt⋅soat elektr energiyasi va 47 mln 387 ming metr kub tabiiy gaz talon-taroj qilingan bo`lib, davlat manfaatlariga jami 94 mlrd 542 mln so`m zarar etkazilgan.
Respublikaning barcha hududlarida Inspeksiya tomonidan 24 969 ta profilaktika tadbir o`tkazildi. Shuningdek, energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog`liq huquqbuzarlik bo`yicha 937 ta ma`muriy ish rasmiylashtirildi.
Energiya samaradorligi, avariya va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan 14 ta davlat korxona va muassasasida nazorat tadbirlari o`tkazildi. Ta`minotchi korxonalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan 1 540 ta ob`ekt hamda 2 565 ta ijtimoiy soha ob`ekti o`rganildi.
Reaktiv quvvatni kompensasiya qiluvchi qurilmalar o`rnatish yuzasidan tadbirkorlik sub`ektlarida tushuntirish ishlari olib borilib, 13 145 ta iste`molchiga tegishli ko`rsatmalar berildi.