Senatning elliginchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o`zgartirishlar va qo`shimcha kiritish to`g`risida”gi Qonun ko`rib chiqildi.
Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to`g`risida”gi Qonunga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilmoqda.
Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan qo`shimchalarga asosan aholi va tadbirkorlarga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo`yicha amalga oshirilgan to`lov summasi, agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun etarli bo`lmasa, qarz oluvchining qarzi belgilangan tartibda undiriladi.
Eng avvalo, asosiy qarz bo`yicha muddati o`tgan qarzdorlik va muddati o`tgan foiz to`lovlari mutanosib ravishda uziladi. So`ngra joriy davr uchun hisoblangan foizlar va joriy davr uchun asosiy qarz bo`yicha qarzdorlik so`ndiriladi. Uchinchi navbatda neustoyka (jarima, penya)lar va keyingi navbatda kreditorning qarzdorlikni uzish bilan bog`liq bo`lgan boshqa xarajatlari undiriladi.
Shu bilan birga, Fuqarolik kodeksiga kredit bo`yicha qarzdorlikni va hisoblangan foizlarni undirish haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda mazkur kredit bo`yicha foizlar, shuningdek neustoyka hisoblanishi to`xtatilishiga oid o`zgartirish va qo`shimcha kiritilmoqda.
Bundan tashqari, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to`g`risida”gi Qonunga ham o`zgartirish kiritilayotgan bo`lib, unga ko`ra jismoniy shaxs bo`lgan qarz oluvchiga ajratiladigan mikroqarz miqdori 50 million so`mdan 100 million so`mga oshirilmoqda.
Senatorlarning ta`kidlashicha, Qonun aholi va tadbirkorlarga mikroqarz yoki kredit olib foydalanish jarayonlarini kengaytirishga, ular tomonidan kreditlarni qaytarish qobiliyati yaxshilanishiga zamin yaratadi. Shuningdek, aholini va tadbirkorlarning moliyaviy mablag`lar hamda xizmatlarga bo`lgan ehtiyojlarini qondirish bilan birga ularning ishchanlik faolligini oshirishga va ushbu yo`nalishdagi mavjud muammolarni hal etishga xizmat qiladi.
Qizg`in muhokamalardan so`ng senatorlar ushbu Qonunning dolzarbligi va zarurligini e`tiborga olib, uni ma`qulladilar.






