O`zbekistonda hozirga qadar lisenziya talablari va shartlarini qo`pol ravishda buzganligi uchun 5 ta nodavlat oliy ta`lim tashkilotining tegishli lisenziyasi bekor qilingan, 1 ta NOTTning lisenziyasini bekor qilish bo`yicha sud jarayoni davom etmoqda. Bu haqda Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, tegishli prezident qarori bilan lisenziyasi bekor qilingan ta`lim tashkiloti yoki yopilgan ta`lim dasturida tahsil olayotgan talabalarga o`qishini davlat va nodavlat ta`lim tashkilotlarining mos va turdosh ta`lim yo`nalishlari va mutaxassisliklariga belgilangan tartibda ko`chirish huquqi vazirlikka berilgan.
Shundan kelib chiqib, bugungi kunga qadar sud jarayonlari to`liq yakunlangan va lisenziyasi bekor qilingan oliy ta`lim tashkilotlari – Valley Innovative University, Urganch shahridagi Binari universitetining barcha talabalari tegishli tartibda oliy ta`lim tashkilotlariga ko`chirilgan. Hozirda lisenziyasi bekor qilingan boshqa oliy ta`lim tashkilotlarining talabalarini o`qishini ko`chirish ishlari tashkil etilmoqda.
"Vazirlik lisenziyasi bekor qilingan oliy ta`lim tashkilotlarining biron-bir talabasi ko`chada qolmasligini ma`lum qiladi. Barcha talabalarning arizasiga asosan o`qishi belgilangan tartibda boshqa oliygohlarga ko`chirilishi ta`minlanadi", deyiladi xabarda.






