AsosiyJamiyat

Jiltirbas ko`li xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan suvli-botqoqli erlar ro`yxatiga kiritildi

'Jiltirbas ko`li xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan suvli-botqoqli erlar ro`yxatiga kiritildi'ning rasmi

Qoraqalpog`istondagi Jiltirbas ko`li xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan suvli-botqoqli erlar ro`yxatiga kiritildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov CMS COP14 matbuot anjumanida ma`lum qildi.

“Ramsar konvensiyasi kotibiyati bizga O`zbekistonning beshinchi tabiiy ob`ekti – Qoraqalpog`istondagi Jiltirbas ko`lini xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan suvli-botqoqli erlar ro`yxatiga kiritilgani to`g`risidagi sertifikat berdi. Yaqinda ro`yxatga to`rtinchi obekt – Sudoche ko`llari tizimi kiritilganini hisobga olsak, bu barchamiz uchun katta voqea, — dedi A.Abduhakimov. – Bu O`zbekiston hukumati va davlatimiz rahbari tomonidan ekologiya va tabiiy hududlarni muhofaza qilish sohasiga qaratilayotgan yuksak e`tibor natijasidir”.

A.Abduhakimov, shuningdek, beshinchi obektni Ramsar ro`yxatiga kiritish bo`yicha ishlar Ekologiya vazirligi tomonidan 1,5 yil davomida amalga oshirilganini ta`kidladi. Tabiiy obektning o`zi 15 yil davomida o`rganilgan.

Ma`lumot uchun, Jiltirbas ko`li — Orol dengizining sobiq qo`ltig`i. Dengiz sathi keskin pasaygach, u ajralib chiqdi va tabiiy manba - Amudaryo suvlari bilan oziqlandi, bu esa Janubiy Orol dengizining mahalliy faunasini saqlab qoldi. So`nggi yillardayoq qo`shimcha sug`orish kanallari qazilgan bo`lib, ular faqat suv sathini faunaning o`zgarishiga ta`sir qilmasdan ushlab turadi. Ko`l mintaqadagi Orol dengizining qurigan tubida hosil bo`ladigan tuz va chang bo`ronlarini ushlab turuvchi to`siqlardan biri hisoblanadi.

Orolbo`yi mintaqasida Jiltirbas xalqaro miqyosda kam uchraydigan qushlar uchun ham, O`rta Osiyo cho`llarining biologik xilma-xilligi, shu jumladan zich qamish va butalar, sho`r botqoqliklar, kanallar va cho`llar uchun ham uya qurish va migrasiya davrlarida katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, ko`l Orolbo`yi hududiga xos noyob baliq turlarining yashash joyi hisoblanadi.

Eslatib o`tamiz, bugunga qadar O`zbekistonning 4 obekti: Dengizko`l ko`li (2001), Arnasoy ko`llar tizimi (2008), To`dako`l va Quyimozor suv omborlari (2020), Sudoche ko`llari tizimi xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan Ramsar suvli-botqoqli erlar ro`yxatiga kiritilgan edi. Bu hududlarning umumiy maydoni 674,4 ming gektarni tashkil etadi.

    Boshqa yangiliklar