AsosiyJamiyat

Sudya, bosh hisobchi, bosh inspektor, bosh muhandis o`rinbosari ushlandi (video)

'Sudya, bosh hisobchi, bosh inspektor, bosh muhandis o`rinbosari ushlandi (video)'ning rasmi

DXX tomonidan bu gal sudya, bosh hisobchi, bosh inspektor, bosh muhandis o`rinbosari ushlandi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Ma`lum qilinishicha, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qashqadaryo filiali bosh muhandisi o`rinbosari paxta-to`qimachilik klasteriga tegishli bo`lgan 21 ta suv nasos quduqlarini elektr tarmoqlariga ulash uchun “texnik shart” berish evaziga 7 ming AQSh dollari talab qilib, joriy yilning yanvar oyida 3 ming AQSh dollari oladi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, bosh muhandis o`rinbosari qolgan 4 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Ta`kidlash lozimki, mazkur mansabdor shaxs muqaddam Jinoyat Kodeksining 205 va 209-moddalari bilan sudlangan bo`lsada, o`z xatosidan to`g`ri xulosa chiqarmagan.

Jizzax viloyati “Toza hudud” DUK bosh hisobchisi ulgurji savdo bilan shug`ullanuvchi mas`uliyati cheklangan jamiyat rahbariga nisbatan sudda ko`rilayotgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga hal qilib berish, ya`ni ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlatib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari tomonidan ushlandi. 

Afsuski, mazkur shaxs muqaddam firibgarlik bilan bog`liq jinoyati uchun sudlanganligiga qaramasdan, qayta jinoyatga qo`l urgan.

O`zbekiston Hakamlik sudlari Assosiasiyasining Navoiy viloyat vakolatxonasi huzuridagi doimiy faoliyat ko`rsatuvchi hakamlik sudi sudyasi o`z xizmat mavqeidan foydalanib, Nurota tumanida yashovchi fuqaroning muqaddam buxorolik xaridorlarga sotgan 250 bosh qo`ylarining pullari berilmayotgani yuzasidan qilgan murojaatini ijobiy hal etib berish evaziga 1 ming AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, u so`ralgan pul mablag`i hisobidan 500 AQSh dollari va 6 mln. 250 ming so`m olgan vaqtida ushlandi.

Milliy Gvardiyaning Sirdaryo viloyat Qo`riqlash boshqarmasi xizmatni tashkil etish va muvofiqlashtirish bo`limi bosh inspektori Boyovut tumanida yashovchi fuqaroni Qo`riqlash boshqarmasiga ishga kiritib qo`yish evaziga 3 ming AQSh dollari talab qilib, muqaddam 1500 AQSh dollari oladi. 

Lekin, u so`ralgan pulning qolgan 1500 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi va Guliston harbiy prokuraturasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar