Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi Axborot xizmati farzandlari maktab darslarini qoldirib kelayotgan ota-onalarga “Ogohlantirish xati” yuborilayotgani xususida ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Mazkur xabarlarda endilikda dars qoldirib kelayotgan o`quvchilarning ota-onalariga “Ogohlantirish xati” yuborilishi va bu orqali ularga turli tartibdagi ma`muriy javobgarlik choralari qo`llanishi aytib o`tilgan.
Davlatimiz rahbari boshchiligida joriy yilning 5 fevral kuni o`tkazilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan yig`ilishda maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o`tkazilganligi aytib o`tildi.
Inspektor-psixologlarning asosiy vazifasi, o`quvchilarning ta`lim-tarbiyasini tashkil etishda maktab jamoalariga yaqindan ko`maklashish, muntazam dars qoldiruvchi o`quvchilarning ota-onalari bilan ishlashdan iborat.
Shu maqsadda darslarga muntazam (uch o`quv kuni va undan ortiq) sababsiz qatnashmayotgan o`quvchilarning yashash manzillariga tezkor ravishda “Ogohlantirish xati” yuborilmoqda. Unda o`quvchilarning ota-onalar yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslarga O`zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi mazmun-mohiyati tushuntirib o`tilgan.
Jumladan, farzandlarini tarbiyalash va ularga ta`lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik, bolalarning majburiy umumiy o`rta ta`lim olishiga to`sqinlik qilish oqibatlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining tegishli moddasiga asosan qonuniy jazo choralari keltirib o`tilgan.
Bundan ko`zlangan maqsad, darsda ishtirok etmayotgan o`quvchilar oila a`zolarining mas`uliyati va javobgarligini oshirishdan iborat.
Eslatib o`tamiz: O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 77-moddasida:
– ota-onalar va ularning o`rnini bosuvchi shaxslar o`z farzandlarini voyaga etguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta`lim olishi, sog`lom, to`laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g`amxo`rlik qilishga majbur ekanliklari;
O`zbekiston Respublikasining "Ta`lim to`g`risida"gi Qonunining 51-moddasida:
– voyaga etmagan ta`lim oluvchilarning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillari bolalarining umumiy o`rta, o`rta maxsus ta`lim yoki boshlang`ich professional ta`lim olishini ta`minlashi shart ekanligi keltirib o`tilgan.






