AsosiyJamiyat

Buxoroda 2 ta shamol elektr stansiyasi qurilmoqda

'Buxoroda 2 ta shamol elektr stansiyasi qurilmoqda'ning rasmi

Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Peshku va G`ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan bo`lgan 2 ta (jami 1000 MVt) shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi Axborot xizmati xabar qildi. 

Mazkur loyihalar doirasida «Envision» kompaniyasining (Xitoy) har birining quvvati 6,5 MVtdan bo`lgan shamol turbinalari o`rnatilyapti. Hozirgi kunga qadar jami quvvati 474,5 MVtga teng bo`lgan 73 ta shamol turbinasi o`rnatib bo`lindi.

Har bir turbina minorasining balandligi 100 metr, shamol parraklarining har biri esa 84 metrni tashkil qiladi.

Ma`lumot uchun, ushbu yirik loyihalar doirasida jami 158 ta mana shunday shamol turbinalari o`rnatiladi.

Mazkur elektr stansiyalarining dastlabki 400 MVt quvvati 2024 yil yakuniga qadar ishga tushiriladi.

Stansiyalar to`liq ishga tushirilgach, yiliga 3 mlrd 600 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 1 mlrd 100 mln kubometr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 1 mln 500 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Shuningdek, ushbu loyihalar doirasida uzunligi 260 kilometr bo`lgan 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 2 ta 500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash uskunalari quriladi.

Mazkur elektr uzatish tarmoqlari energetika tizimining shimoli-g`arbiy (Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyati) hamda janubi-g`arbiy (Buxoro va Navoiy viloyatlari) qismlarining bog`lanishini mustahkamlaydi.

Eslatib o`tamiz, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ham 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilyapti va uning ishga tushirilgan dastlabki quvvatlari hozirgi kunda «yashil» energiya ishlab chiqarmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar