Namangan viloyatida O`zbekistonni qo`shni Qirg`iziston bilan bog`lovchi "Uchqo`rg`on - Madaniyat" yo`lining 10-kilometrida joylashgan Uchqo`rg`on chegara bojxona posti qurilmoqda. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, xuddi shunday loyiha Qirg`iziston Respublikasi Navkent tumani Qiziltuu qishlog`i «Kengsay» bojxona postida ham amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston-Qirg`iziston Respublikalari chegarasida joylashgan "Uchqo`rg`on" va "Kengsay" chegara bojxona postlari shu yili foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
"Mazkur bojxona chegara postining ochilishi viloyatimiz va Uchqo`rg`on tumani aholisi uchun katta qulayliklar yaratadi. Shu o`rinda viloyat, tuman iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega bo`ladi. Logistika, xizmat ko`rsatish sohalari rivojlanadi. Amalga oshirilayotgan ishlar o`zaro munosabatlar, do`stlik rishtalari va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi", – deyiladi xabarida.






