Toshkent shahrida aholi uchun issiqlik ta`minoti va issiq suv ta`minoti xizmatlari tarifi 2023-2024 yilgi isitish mavsumi tugagandan so`ng oshiriladi. Bu haqda Veolia Energy Tashkent kompaniyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu o`sish elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va kanalizasiya xizmatlari, shuningdek, issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun sotib olingan issiqlik energiyasi narxlarining oshishi bilan bog`liq.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 8 fevraldagi 97-sessiyasida Veolia Energy Tashkent MChJ XK tomonidan xizmat ko`rsatuvchi ko`p qavatli turar-joy binolarida yashovchi aholi uchun issiqlik ta`minoti va issiq suv ta`minoti xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqlash to`g`risida qaror qabul qilingan.
Unga ko`ra, aholiga issiqlik ta`minoti va issiq suv ta`minoti xizmatlari uchun yangi chakana tarif 15 foiz o`sib, 2019 yildan beri amalda bo`lgan 91 960 so`m/Gkal o`rniga 105 754 so`m/Gkalni tashkil etadi.
Kompaniyaning ma`lum qilishicha, yangi tariflar 2023-2024 — kuz-qish mavsumi (isitish mavsumi) rasmiy yakunlangan kundan bir kun o`tib kuchga kiradi.






