Prezident Shavkat Mirziyoevga ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo`yicha takliflar taqdimot qilindi.
Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasiga alohida e`tibor qaratilib, ijtimoiy xizmat turlari va ko`lami kengaytirib kelinmoqda. 2023 yil 1 iyunda davlatimiz rahbarining “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko`rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo`lga qo`yish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni qabul qilingan edi. Unga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.
O`tgan davrda Agentlik tomonidan ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi va manzilliligi joylarga chiqib o`rganildi. Bu jarayonda tizimni mahalla darajasida adolatli tashkil etish, to`g`ri moliyalashtirish, og`ir ahvolga tushib qolgan odamlarning ijtimoiylashuviga ko`maklashishda kamchiliklar borligi ayon bo`ldi.
Taqdimotda ushbu muammolarni tizimli hal etishga qaratilgan takliflar ko`rib chiqildi.
Ularga ko`ra, endi mahalladagi “ettilik” oilalardagi ijtimoiy muammoning sababi, ularga ta`sir qiluvchi omillar aniqlaydi, mavjud imkoniyatlar baholab, ularni og`ir vaziyatdan olib chiqish bo`yicha ijtimoiy xizmatlarni safarbar qiladi.
“Saxovat va ko`mak” jamg`armasidan yordamlarni oilaning ijtimoiy ahvolini individual baholash asosida ko`rsatish yo`lga qo`yiladi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma`qullab, tegishli hujjatlarni ishlab chiqish, hayotga samarali joriy etish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
O`zbekiston tomonidan ratifikasiya qilingan nogironlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konvensiya talablarini hayotga tatbiq etishni izchil davom ettirish, jumladan, nogironligi bo`lgan insonlarga ko`maklashish, jamiyatga integrasiya qilish, sifatli protez-ortopediya moslamalari va reabilitasiya vositalari bilan ta`minlash tizimini takomillashtirish zarurligi ta`kidlandi.






