Joylarda odam savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o`tkazildi, deya xabar qildi “darakchi.uz”ga DXX matbuot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament va viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda Guliston shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda, 1991 yilda Buxoro viloyatida tug`ilgan, Guliston shahrida vaqtincha yashovchi ayol joriy yilning 30 yanvar kuni tug`ilgan o`g`il farzandini 40 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Termiz tumanida yashovchi, 1993 y.t. ayol joriy yilning 25 yanvar kuni tug`ilgan qiz farzandini o`zining jinoiy sherigi bo`lgan, 1982 y.t. ayol bilan til biriktirib, Termiz shahrida 25 mln. so`mga sotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Chirchiq shahrida yashovchi, 1997 y.t. ayol o`zining 2018 yilda tug`ilgan o`g`lini Toshkent shahrida 3 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Shuningdek, Namangan shahrida yashovchi, 1995 y.t. ayol o`zining 2014 yilda tug`ilgan o`g`lini 18 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, talab qilingan puldan 4 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






