AsosiyJamiyat

Har bir bilimli yosh - vatan himoyachisi – Shavkat Mirziyoev

'Har bir bilimli yosh - vatan himoyachisi – Shavkat Mirziyoev'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Andijon viloyati Marhamat tumanidagi shaxmat maktabi va kutubxonada bo`ldi. 

Yurtimiz oldindan salohiyatli shaxmat maktabiga ega. Bugun ham bolalar o`rtasida "aql gimnastikasi"ga qiziqish katta. Ularning bu ishtiyoqini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida Marhamat tumanida ham majmua bunyod etildi. Erkin Vohidov nomidagi ushbu maktabda o`quvchilar darsdan bo`sh vaqtlarida aql mashqidan saboq oladi. Ularning mahoratni oshirish uchun tajribali murabbiylar jalb qilingan. O`quv-mashg`ulot xonalari va musobaqa zali mavjud. Kompyuterlashgan ilg`or dasturlar yoshlarga manzur bo`lmoqda. 

Davlatimiz rahbari bu erda saboq olayotgan o`g`il-qizlarning intilishlarini qo`llab-quvvatlab, ezgu tilaklar bildirdi. Bu muassasani boshqa shaxmat maktablari bilan bog`lab, tajriba almashib borish muhimligini ta`kidladi.

Ushbu maktabga tutash Yoshlar kutubxonasi ham qurilgan. U keng va shinam, bir vaqtda 150 dan ortiq kitobxon mutolaa qilishi mumkin. Kutubxona 30 ming nusxadan ziyod adabiyotga ega, qator axborot markazlari tarmog`iga ulangan. Shular bois yoshlarning sevimli maskaniga, intellektual o`yinlar, ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari o`tkaziladigan qaynoq dargohga aylangan.

Prezident shu erda andijonlik yoshlar bilan muloqot qildi. 

- Biz iqtisodiyotimizni rivojlantirib, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish, ish joylarini ko`paytirishga harakat qilayapmiz. Andijonda ham katta rejalarimiz bor. Bunda avvalo sizlarga tayanamiz. Har bir bilimli yosh - vatan himoyachisi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Ta`lim tizimidagi yangiliklar, yosh avlodga yaratilayotgan sharoitlar, ilmiy-ijtimoiy loyihalar haqida so`z bordi. Prezident yoshlar bilan yangi tashabbuslar yuzasidan fikrlashdi. Shuningdek, ularning takliflarini qo`llab-quvvatlab, mutasaddilarga ko`rsatmalar berdi.

    Boshqa yangiliklar