Prezident Shavkat Mirziyoev Andijon shahridagi markaziy qozonxonani borib ko`rdi.
U yaqinda imtiyozli xorijiy kredit evaziga rekonstruksiya qilinib, Xitoyda ishlab chiqarilgan 3 ta energiya tejamkor qozonlar o`rnatilgan. 28 kilometr issiqlik quvurlari yotqizilib, 373 dona individual issiqlik punktlari tashkil etilgan. Shuningdek, 2 ming kilovatt quvvatli transformator o`rnatilib, yuqori kuchlanishli elektr tarmog`i tortilgan.
Natijada shahardagi 271 ta ko`p qavatli uy va 30 ta ijtimoiy ob`ekt markazlashgan issiq suv va issiqlik ta`minotiga ega bo`ladi. Shu bilan birga, bir yilda 16 million metr kub tabiiy gaz, 2 million kilovattdan ziyod elektr energiyasi tejab qolinadi.
Shu erda 2024-2026 yillarga mo`ljallangan navbatdagi loyihalar haqida axborot berildi. Unga ko`ra, Andijon shahridagi yana 5 ta qozonxonani rekonstruksiya qilish, 33 kilometr issiqlik tarmoqlarini qurish va 114 ta ko`p qavatli uyning ichki isitish tizimlarini yangilash rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu loyihalarni jadallashtirib, aholini barqaror issiqlik bilan ta`minlash bo`yicha ko`rsatmalar berdi.






