Davlatimiz rahbari Xonobod shahri Yangi hayot mahallasida yashovchi Salohiddin Usmonov xonadonida mehmon bo`ldi.
Oila boshlig`i rafiqasi Ziyoda opa bilan ikki farzandni voyaga etkazgan. Hovli obod. Uy zamonaviy qiyofaga ega, tomiga quyosh panellari o`rnatilgan. Shuningdek, energiya tejamkor alohida isitish tizimi barpo etilgan.
So`nggi yillarda Xonobodda turizm rivojlanmoqda. Infratuzilma yaxshilanib, sayyohlar jalb etilmoqda. Bu imkoniyatlardan foydalanib, xonadonda uy mehmonxonasi tashkil etilgan.
S.Usmonov qishloq xo`jaligi mutaxassisi. Ular qo`ziqorin etishtirish bilan ham shug`ullanadi.
Prezidentimiz bunday omilkorlikni ma`qullab, boshqa joylarda ham qo`llash muhimligini ta`kidladi.
- Har bir mahallaning o`z imkoniyatlari, an`analari, odamlarning xohish-istaklari bor. Mahalla uyushmasi va iqtisodiy kompleks vakillari ularni aniqlab, qo`llab-quvvatlasa, aholini band qilish, daromad manbai yaratish mumkin. Shuning uchun hamma mas`ullarni quyi bo`g`inga tushirib, hududlarni mahallabay rivojlantirishga e`tibor qaratayapmiz, - dedi Prezident.