AsosiyJamiyat

O`zbekistonlik shifokor va hamshiralar Quvaytga ishga taklif qilinmoqda

'O`zbekistonlik shifokor va hamshiralar Quvaytga ishga taklif qilinmoqda'ning rasmi

O`zbekiston elchixonasida Quvaytning ”Adan Hospital“ klinikasi shifokori, yirik sarmoyador Muhammad Hasan al-Kandari bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda tomonlar tibbiyot sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari hamda amalga oshirilgan va oshirilishi ko`zda tutilgan loyihalar muhokama etildi. 

”Dunyo” AA bergan xabariga ko`ra, uchrashuvda Quvayt tomoniga O`zbekistonda sog`liqni saqlash sohasida olib borilayotgan keng ko`lamli islohotlar, mazkur jabhada xorijiy investisiyalar va grantlarni jalb etish, poliklinika va shifoxonalarni zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta`minlash bo`yicha ko`rilayotgan muhim ishlar haqida so`zlab berildi.

Tomonlar, shuningdek O`zbekistonda yosh bolalarda ko`z va yurak bo`yicha jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirish imkoniyatlari xususida fikr almashdilar.

Muhammad Hasan al-Kandari 2022 yil sentyabr oyida Quvaytning ”An-Nur” xayriya jamg`armasi va «HOPE» tashkiloti vakillaridan iborat delegasiyasi tarkibida O`zbekistonda bo`lganini hamda turli jarrohlik amaliyotlarini o`tkazganini ta`kidladi.

Quvayt vakili, shuningdek, O`zbekistonda               ”Training center” tibbiyot o`quv markazini ochish taklifini bildirdi. Ta`kidlanishicha, markaz o`zbekistonlik shifokorlar va hamshiralarni malakasini oshirish orqali Quvayt shifoxonalariga ishlash uchun jalb qilinadi.

Muzokaralar yakunida mazkur masalani batafsil muhokama qilish maqsadida O`zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan onlayn uchrashuv tashkil qilish to`g`risida kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar