Ijtimoiy tarmoqlarda endilikda jismoniy yoki yuridik shaxslar, hududiy yo`l harakati xavfsizligi boshqarmalariga xat bilan murojaat etgan holda, o`zlari istagan joyda svetofor o`rnatishlari mumkin va qonunda buning uchun hech qanday cheklovlar yo`qligi haqidagi xabarlar tarqaldi.
Yo`l harakati xavfsizligi xizmati holat bo`yicha rasmiy izoh berdi.
Ma`lum qilinishicha, mazkur xabar haqiqatga to`g`ri kelmaydi.
2013 yil 10 apreldagi "Yo`l harakati xavfsizligi to`g`risida"gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqidagi O`RQ-348-son qonunining 7-moddasiga ko`ra, Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasidagi vakolatlariga shaharlardagi, shaharchalar va qishloq aholi punktlaridagi ko`chalarning, yo`lkalarning hamda yo`l harakatini tartibga solish vositalarining, shuningdek shahar elektr transporti yo`llarining jihozlanishi va soz holatda saqlanishini ta`minlash vakolati kirishi ko`rsatilgan.
Shuningdek, ushbu qonunning 9-moddasiga ko`ra, Avtomobil yo`llari qurish va foydalanish tashkilotining yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasidagi vakolatlariga avtomobil yo`llarida yo`l harakatini tartibga solish vositalari, tezkor aloqa tizimi qurilishini va mazkur yo`llarning ushbu vositalar va tizim bilan jihozlanishini amalga oshirish hamda ularning saqlanishini ta`minlash vakolati kirishi ko`rsatilgan.
Mazkur qonunning 10-moddasiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo`l harakati xavfsizligi xizmatining yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasidagi vakolatlariga yo`llarning va temir yo`llarni kesib o`tish joylarining saqlanishi, ularning yo`l harakatini tartibga solish vositalari bilan jihozlanishi ustidan nazoratni amalga oshirish vakolati kirishi ko`rsatilgan.
Amaldagi Yo`l harakati qoidalari 4-bandining ikkinchi xatboshisida "Tegishli vakolatga ega bo`lmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yo`l qoplamasini buzish, o`zgartirish yoki zarar etkazish, ifloslantirish, yo`l belgilarini, svetoforlarni va harakatlanishni tashkil etishning boshqa texnik vositalarini o`zboshimchalik bilan olib tashlash, o`rnatish, to`sib qo`yish, shikastlantirish, yo`llarda harakatlanishga to`sqinlik qiluvchi narsalarni qoldirish, "sun`iy notekislik" qurilmalarini o`rnatish taqiqlanadi" deya belgilangan.
Yo`l harakatini tartibga solish vositalarini o`rnatish vazifasi mas`ul idora va tashkilotlar zimmasiga aniq yuklatilgan bo`lib, istalgan jismoniy yoki yuridik shaxslar bunday vositalarni o`zboshimchalik bilan yoki qandaydir ruxsat asosida o`rnatish vakolatiga ega emasligi ma`lum qilindi.






