AsosiyJamiyat

Bir shaxs ikki martadan ortiq Senat raisi bo`lmaydi

'Bir shaxs ikki martadan ortiq Senat raisi bo`lmaydi'ning rasmi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O`RQ-909-son, 19.02.2024 y) bilan ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi. Bu haqida Adliya vaziriligi xabar berdi.

“O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, Vakil O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga muvofiq qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi belgilandi.

 “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to`g`risida”gi Konstitusiyaviy Qonuniga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning o`zida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo`lishi mumkin emasligi belgilandi.

“O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to`g`risida”gi Konstitusiyaviy Qonunga kiritilgan o`zgartirishga ko`ra:  

Senat a`zolari (senatorlar) Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo`shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo`li bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — to`rt kishidan saylanadi.

Senatning to`qqiz nafar a`zosi fan, san`at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo`lgan hamda alohida xizmat ko`rsatgan eng obro`li fuqarolar orasidan Prezident tomonidan tayinlanadi.

️ Shuningdek, Senat va uning organlari majlislarida Markaziy bank boshqaruvi raisi ishtirok etishi mumkin.

Bundan tashqari, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Senat Raisi bo`lishi mumkin emasligi belgilandi.

Senat Konstitusiyaga muvofiq qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli.

Qonunchilik takliflarini tayyorlash, ko`rib chiqish va ularni Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi Senatining Reglamentida belgilanadi.

Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.

    Boshqa yangiliklar